TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-8 iyul kunlari Namangan viloyatiga amalga oshirilgan tashrif davomida viloyat faollari bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilish O‘zbekiton telekanali orqali namoyish qilindi.
Unda prezident barcha sohalar bo‘yicha rejalar va strategiyalar aniq belgilab olinganligi hamda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi haqida to‘xtalib o‘tdi.
"Ko‘p qilgan ishlarimiz o‘zimizniki. Lekin oldimizda katta rejalarimiz, niyatlarimiz turibdi, odamlarimizni umidlari turibdi. Hamma soha bo‘yicha rejalarimiz aniq, strategiyamiz bor. Biz kelishganimizdek, 5-yil qarsak chalmaymiz, 5-yil bir-birimizni maqtamaymiz. Faqat ishlaymiz, ishlaymiz, yana bir marta ishlaymiz. Odamlarimizga oddiy mehnatimiz bilan, halol mehnatimiz bilan, korrupsiyani yo‘q qilib, mana, prokuraturaga qancha masalalar qo‘ydik, ichki ishlar tizimini mutlaqo o‘zgartirayapmiz, mana, insof bersin — sudyalar bilan gaplashdik.
Yoshlar bo‘yicha tarbiyamizga, diniy masalalar bo‘yicha, diniy oqimlar bo‘yicha birovga yoqadimi-yoqmaydimi, juda keskin-keskin savollar qo‘ydik. Yoshlar ittifoqini tuzdik. Yoshlarimizga hozirgi zamon talabiga munosib sharoit yaratib bermasak, ular bilan muloqot qilmasak, ularning dardini eshitmasak, ular bilan teng bo‘lmasak, oyog‘imiz yerdan uzilsa, ular bizdan uzoqlashayapti. Bu yaxshilikka olib kelmaydi", — deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.