TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. Toshkentga tashrifi doirasida Seul meri Pak Von Sun ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani o‘tkazdi, deb xabar beradi "Jahon" AA. Agentlik muxbiri Shahriyor Turg‘unboyev Seul shahri rahbarining jurnalistlar bilan muloqoti chog‘idagi muhim va qiziqarli fikrlarini keltirdi.
Piyodalar uchun shahar
Shaharlar rivojlanib borar ekan, transport vositalari borgan sari muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Shu bois Janubiy Koreyada merlar transport infratuzilmasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratishadi, —deydi Seul meri. –Lekin mening ma’muriyatim diqqat markazida eng avvalo inson va uning hayoti turadi. Shuning uchun biz Seulni piyodalar uchun shaharga aylantirmoqdamiz. Mening tashabbusim bilan yaqinda sobiq avtomagistral o‘rnida jamoat parki bunyod etildi. Bunday maskanlar bizning kelajagimiz deb hisoblayman. Bugungi kunda butun dunyoda mana shunday tamoyil kuzatilmoqda.
Toshkentda ham piyodalar uchun ekologik toza ko‘cha va parklar, velosiped yo‘lkalari yaratishga e’tibor qaratishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Bunday tadbirlar atmosferaga zararli chiqindilar ajralishi va energiya sarfini kamaytiradi.
Transport tizimi qanday bo‘ladi?
Piyodalar uchun qulay sharoitlar yaratish transport sohasini qo‘llab-quvvatlash qisqarishini anglatmaydi. Ma’muriyatimiz jamoat transportini, birinchi navbatda metropolitenni rivojlantirish ustida ishlamoqda. Rejamizga ko‘ra, har bir fuqaro qayerda istiqomat qilmasin, uyidan eng yaqin metro bekatiga 10 daqiqa ichida yetib borishi kerak. Bu esa aholining ekologik toza jamoat transportlari foydasiga shaxsiy avtomobillardan voz kechishiga olib keladi.
Toshkentda ham xuddi shunga o‘xshash tajribani tatbiq etish orqali shaxsiy avtomobillar sonini kamaytirish va ularning shahar markaziga kirishini cheklash mumkin. Shu bilan bir vaqtda jamoat transporti sonini oshirish va ularning oraliq vaqtini qisqartirish darkor.
IT-texnologiyalar va shaharni boshqarish
Munitsipal boshqaruvda shahar hokimining aholi bilan muloqoti eng muhim omil hisoblanadi. Bizning ishimizda muammo yoki kelishmovchiliklar ko‘p uchraydi. Lekin bularning barini xalq bilan muloqot qilish va murosa orqali hal qilish mumkin. Mening jamoam shaharni boshqarish bo‘yicha Live Seoul deb nomlanuvchi zamonaviy interaktiv tizim va "Merning raqamli kabineti"ni ishlab chiqdi. Ushbu texnologiyani joriy etish uchun ikki yil talab qilindi. Shu bilan birga, har qanday yangi texnologiya ham fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot o‘rnini bosa olmaydi.
Menimcha, Toshkentda ham aholi bilan muloqot qilishning mana shunday hi-tech mexanizmlarini yaratish mumkin. Seul bu yo‘nalishda yordam berishga hamisha tayyor.
O‘zbekistondagi etnik koreyslar haqida
Koreyslar murakkab vaqtlarda Markaziy Osiyo mamlakatlariga ko‘chirib keltirilgan. Shunisi quvonchliki, ular O‘zbekistonda o‘zlarining ikkinchi vatanlarini topdilar. Koreyslarni o‘z yaqinlari kabi qabul qilgani uchun xalqingizga minnatdorlik bildiraman. Sizlar tufayli koreyslar o‘zbek jamiyatining to‘laqonli a’zolariga aylanishdi.
Yoshlar – kelajagimiz
Men o‘zbek yoshlari vakillari bilan uchrashishga muyassar bo‘ldim. Ularning o‘z orzu, maqsad va hayotga shaxsiy qarashlari borligi meni quvontirdi. Ular o‘z ezgu rejalarini amalga oshirish yo‘lida charchoq bilmay mehnat qilmoqdalar.
Yoshlar kelajagimiz ekanligi bois Seul ma’muriyati o‘sib kelayotgan avlod sifatli ta’lim olishi, jumladan, xorijiy tillarni o‘rganishi, munosib ish topishi, o‘z biznesini tashkil etishida har tomonlama yordam beradi.
Janubiy Koreya poytaxti Seul megapolis bo‘lib, aholisi 10 milliondan oshadi.
2006 yilda Seul va Toshkent o‘rtasida Do‘stlik kelishuvi imzolangan, 2010-yilda esa birodarlashgan shaharlarga aylanishgan.