Janubiy Koreyada o‘zbek milliy kurashi ommalashmoqda

Obuna bo‘lish
Janubiy Koreyada o‘tkazilgan turnirda O‘zbekistondan Osiyo va jahon chempionlari bo‘lgan 5 nafar kurashchi ishtirok etdi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, Suhrob Xudoyberdiyev, Shahram Ahadov va Ruslan Bo‘riyevlar barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medal sohibiga aylandilar

TOShKENT, 27-iyun — Sputnik. O‘zbek xalqining milliy iftixori sanalgan, uch yarim ming yildan ziyod tarixga ega kurash hozirgi kunda xalqaro maydonda faol ommalashib bormoqda. Shu yilning 5-19 iyun kunlari Koreya Respublikasining Inchon shahrida kurash bo‘yicha turnir bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi "Jahon" AA.

Surxondaryoning Uzun tumanidagi to‘ydan surat - Sputnik O‘zbekiston
To‘ymisan, to‘y: tojikistonlik polvonlar Surxondaryoda kurash tushdi
"Musobaqa Janubiy Koreya Kurash assotsiatsiyasi va Inchon shahri hokimiyati tomonidan tashkil etildi. Tadbirda sport uyushmalari va klublari rahbarlari, murabbiylar va malakali sportchilar qatnashdilar", — deb ta’kidlangan xabarda.

Xabarga ko‘ra, mazkur turnirda O‘zbekistondan Osiyo va jahon chempionlari bo‘lgan 5 nafar kurashchi ishtirok etdi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, Suhrob Xudoyberdiyev, Shahram Ahadov va Ruslan Bo‘riyevlar barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medal sohibiga aylandilar hamda o‘z murabbiylari Elmurod Soatov bilan birga shohsupaning yuqori bosqichiga ko‘tarildilar.

Ta’kidlash joizki, musobaqa mahalliy ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Xususan, "Incheonilbo" nashrida chop etilgan maqolada taekvondoning vatani bo‘lgan Janubiy Koreyaning xalqi yakka kurashning boshqa turlariga ham hamisha katta qiziqish bilan yondoshib kelgani, shu jumladan, o‘zbek kurashi ham mamlakatda keng ommalashib borayotgani haqida yozadi.

Inchon shahar kengashi vakili Choy Jong Gukning fikriga ko‘ra, kurashning Janubiy Koreyada yanada shuhrat qozonishining eng maqbul yo‘li, bu mamlakatda o‘zbekistonlik polvonlar ishtirokidagi musobaqalarning ko‘proq o‘tkazilishidir.

"Kurash — olishuvning eng jozibador va nazokatli turlaridan biri hisoblanadi. Uning Janubiy Koreyada keng yoyilishi esa ikki mamlakatimizda Sharq yakkakurashining boshqa turlari rivojiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi", — deb ta’kidlagan Guk.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0