TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 3-iyul kuni Seul shahri meri Pak Von Sunni qabul qildi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati.
Mirziyoyev taklifni mamnuniyat bilan qabul qilar ekan, bugun O‘zbekiston bilan Janubiy Koreyani do‘stlik rishtalari, o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkam bog‘lab turganini alohida ta’kidladi.
Xabarda aytilishicha, uchrashuvda joriy yilning 3-iyulida qabul qilingan "Yo‘l xaritasi"ga muvofiq birodarlashgan shaharlar – davlatlarimiz poytaxtlari Toshkent va Seul o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama etilgan.
Zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llash asosida shaharni boshqarish, transport tizimi va uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha samarali tizimni tashkil etish sohasida Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasidan foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, shaharsozlik, arxitektura va landshaft dizayni sohalarida o‘zaro faol hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.