O‘zbekiston temir yo‘llari yo‘lovchiga qo‘pol muomalada bo‘lgan kassirlarni jazoladi

Obuna bo‘lish
Fuqaro Narimmat Yo‘ldoshevning O‘zbekiston temir yo‘llari kompaniyasi kassirlari haqida bildirgan tanqidiy fikrlari ayrim nashrlarda e’lon qilingach, kompaniya "xodimlarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar ko‘rilgani" haqida rasmiy bayonot berdi

TOShKENT, 2-iyul — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Ilgariroq "Facebook" ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Narimmat Yo‘ldoshev "O‘zbekiston temir yo‘llari" kassirlaridan norozi bo‘lgani haqidagi xabarni chop etgan edik.

Narimmat Yo‘ldoshev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilgan "Urganchga chipta yo‘q, lekin vagonni yarmi bo‘sh keldi" nomli postida chipta sotib olish uchun bir kun sarson bo‘lgani, poyezdga chiqqach esa vagonning teng yarmi bo‘shligini ko‘rib, bu holatdan qattiq hayratlangani haqida batafsil bayon etgandi. Fuqaro bu kabi vaziyat yuzaga kelishida "O‘ztemiryo‘lovchi" AJ ning qo‘pol muomalali kassirlarini ayblagan va ularni kompaniyani kasodga uchratish uchun chetdan yollangan "qo‘poruvchilar" deb atagandi.

Narimmat Yo‘ldoshevning fikrlarini nashrda e’lon qilishdan oldin Sputnik O‘zbekiston muxbiri Begzod Rahmonov kompaniya matbuot-xizmatiga qo‘ng‘iroq qildi. Bo‘lib o‘tgan suhbatdan so‘ng "kassir qiz nogironlarga Orolbo‘yi shaharlariga chipta sotish qoidalarini aniq bilmay turib, Narimmat akaga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lgan", degan xulosaga keldi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston Temir yo‘llari kompaniyasi o‘z rasmiy sahifasida yuqoridagi holat bo‘yicha rasman izoh berdi.

"…Joriy yilning 24-25 iyun kunlari Toshkent-Urganch yo‘nalishida chipta sotib olish bo‘yicha bildirgan e’tiroz va mulohazalarini "O‘ztemiryo‘lovchi" aksiyadorlik jamiyati ma’muriyati atroflicha o‘rganib chiqib, quyidagilarni ma’lum qilishni lozim topdi.

Ma’lumki 2017-yil 26-iyun kuni mamlakatimizda "Ramazon hayiti kuni" deb e’lon qilinib, dam olish kuni deb belgilandi.

Milliy aviakompaniyani korrupsiyada ayblagan fuqaro o‘z so‘zlarini qaytarib oldi
Shu munosabat bilan bayram oldi viloyatga ketuvchi yo‘lovchilar soni bir muncha ortdi. Natijada, 24-25 iyun kunlari "Toshkent-Urganch" yo‘nalishida harakatlanadigan poyezdlarning chiptalari xarakat kunidan oldin to‘liq sotib tugatildi.

Shuningdek, bayram munosabati bilan "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati tomonidan 27-iyun kuni viloyatlardan Toshkent shahriga keluvchi yo‘lovchilarni joy bilan ta’minlash maqsadida 26-iyun kuni jo‘naydigan 58-sonli "Toshkent-Shovot" poyezdiga qo‘shimcha 6 ta "plaskart" vagonlari ulandi. Mazkur vagonlar 21-23 iyun kunlari yo‘nalish harakati tarkibiga kiritildi.

Aniqlanishicha, 26-iyun kuni jo‘naydigan 58-sonli "Toshkent-Shovot" poyezdining qo‘shimcha ulangan 6 ta vagoniga umumiy 31 ta chipta sotilib, shundan 21 ta chipta "Toshkent-Navoiy-Uchquduq-Urganch" yo‘nalishlari bo‘yicha, 5 ta chipta "Jizzax-Urganch" yo‘nalishi bo‘yicha va 5 ta chipta "Samarqand-Urganch" yo‘nalishi bo‘yicha rasmiylashtirilgan.

"Facebook" ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Narimmat Yo‘ldoshev postida keltirilgan chipta sotuvchining muomilasi va navbatchining mas’uliyatsizligi bo‘yicha bildirilgan fikrlar ham chiptaxonalarda o‘rnatilgan video kameralar orqali o‘rganilib, tahlil qilindi. Holat postda keltirilgan fikrlar kabi o‘ta keskin bo‘lmasada, xodimlarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar ko‘rildi.

Hozirgi kunda aholiga xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatini oshirish, ishlarni yanada takomillashtirish, yo‘lovchilarning taklif va mulohazalarini o‘rganish maqsadida "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" aksiyadorlik jamiyati Bosh direktorining virtual qabulxonasi faoliyat yuritmoqda. Hurmatli yo‘lovchilar barcha murojatlaringizni uzrailpass.uz veb-sayti orqali virtual qabulxonaga yo‘llashingiz mumkin", — deyiladi xabarda.

Aytish joizki, "Qo‘poruvchi kassirlarning kuni bitgani rostmi?" maqolasi e’lon qilingach, tahririyat elektron pochtasiga fuqaro Mirzo Subxanovdan maktub keldi. Xatda yuqoridagi singari vaziyatlar yuzaga kelishida faqatgina kassirlarni ayblash noto‘g‘ri ekanligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.

Subxanov bu so‘zlarning isboti tariqasida 29-iyun kuni o‘zi duch kelgan muammoni bayon etgan.

"2017 yil 29-iyun kech soat 21:20da Toshkent markaziy Temiryo‘l vokzaliga Samarqandga chipta olish maqsadida bordim. Navbatda 90 daqiqadan ko‘proq turishga majbur bo‘ldim. Ushbu 90 daqiqa vaqt menga O‘zbekiston temir yo‘llarining bugungi achinarli holatini to‘liq ochib berdi", deyilgan maktubda.

"Biz ko‘pgina muammolar sababini katta mulozimlardan emas, balki oddiy ishchilarning befarqligidan axtarishga odatlanganmiz. Natijada, asosan oddiy ishchilarni noxaq ishdan bo‘shatishlari bilan cheklanishning guvohi bo‘lganmiz, xolos.

Tizimda tartibsizlik mavjud bo‘lsa, oddiy ishchilarda nima ayb?", — davom ettirgan o‘z fikrini Subxanov.

"Masalan, yakinda "Jamiyat" gazetasidagi notariuslar faoliyati yuzasidan chop etilgan tanqidiy makoladan so‘ng, aytib o‘tilgan "bechora" notarius ishdan olindi. Lekin ko‘rsatilgan muammolar umumiy tizimda hali hanuz mavjud.

Tanqid bu — birovni ishdan olish emas, balki bor muammoni muhokama qilib, birgalikda bartaraf etish. Agar temiryo‘l tizimidagi muammolarga oddiy kassirlar aybdor bo‘lganida edi, buni bartaraf etish uchun bir soat yetarli bo‘lardi: ya’ni eski kassirlarni bo‘shatib, o‘rniga yangilarni olish bilan hal qilsa bo‘lardi masalani", — deyilgan maktubda.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" chiptalar narxi arzonlashganini ma’lum qildi

Subxanovning yozishicha, 29-iyun kuni Toshkent vokzalidagi umumiy 12 ta kassadan fakat 4 tasi faoliyat olib borgan, chipta olish uchun kelgan odamlarning soni esa ancha ko‘p bo‘lgan. Bundan tashqari, 4 ta kassaning bittasi harbiylar uchun va bittasi elektron biletlar uchun ajratilgan va faqat 2 tasi oddiy aholiga xizmat ko‘rsatgan. Shuningdek, chipta narxining yarmini nakd va yarmini plastikda to‘lash imkoniyati ham mavjud emasligi aytilmoqda. Shunday murojaat bilan yuzlangan yo‘lovchiga kassirlardan "hisobot buziladi, iloji yo‘q", degan javob yangragan.

"Temiryo‘l tizimida 75 ming kishi ishlasa ham, O‘zbekistondagi eng katta vokzalda 12 ta kassaning faqat 4 tasi ishlayotganini qanday tushunish mumkin? Toshkent temiryo‘l vokzalidagi navbatni bartaraf etish uchun "elektron navbat" tizimi kiritilgan va lekin undan umuman foydalanilmaydi. Xuddi san’atkorlar "Bu xalq jonli ijroni tushunmaydi" degani kabi, bu yerda ham oddiy odamlar "elektron navbatni" tushunmaydi deb, ishlatilmayaptimi?" — istehzo aralash so‘ragan fuqaro.

Maktub muallifi, shuningdek, vokzaldagi vaziyatdan turistlar ham taajjublanishganiga guvoh bo‘lganligini qo‘shimcha qilgan.

"Yozda ob-havo juda issiq bo‘layotganiga qaramasdan, konditsionerlar haligacha hamma vagonlarda mavjud emas ekan. Arzon chipta olgan kishilarga provodniklar kam pulga boshqa vagonga o‘tishni "taklif" qilishganining guvohi bo‘ldim", — deb yozadi Subxanov.

O‘zbekiston temir yo‘llari sayti - Sputnik O‘zbekiston
Temir yo‘l chiptalarni xarid qilish bo‘yicha CLICK tizimi ishga tushirildi
 Xat muallifiga ko‘ra, temir yo‘l vokzallarida o‘rnatilgan "elektron navbatni" to‘liq ishga tushirish, bundan tashqari, birinchi navbatda, yangi marketing tizimini joriy etish shart — ya’ni poyezdlardagi bo‘sh joylarni bartaraf etish uchun chegirmalar tizimini qo‘llash, doimiy yo‘lovchilarni rag‘batlantirish, kassalardagi navbatlarni keskin bartaraf etish va bu bilan xizmat sifatini oshirish kabi.

"Temiryo‘l davlat transport tizimining asosiy bo‘g‘inlaridan hisoblanadi va uning hozirgi holati talab darajasida emas. Bunga esa oddiy kassirlarning umuman aybi yo‘q.

Hamma ayb, prezidentimiz aytganidek, ishlashni xohlamayotgan mulozimlarda", deb o‘z maktubiga yakun yasagan muallif.

Yangiliklar lentasi
0