TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. 30 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati negizida O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tashkil etish taklifini kiritdi.
O‘zbekiston prezidenti nega bunday qarorga kelganini quyidagicha izohladi:
Sizlarga yaxshi ma’lum, bundan 16-yil oldin, ya’ni, 2001-yilda tashkil etilgan "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati o‘tgan davr mobaynida yoshlar hayotiga kirib borib, ularning ma’lum bir qismini o‘z atrofida birlashtirishga, o‘z Dasturi va Ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni imkon darajasida bajarishga harakat qilib kelmoqda.
Tashkilot tomonidan yoshlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning hayotda o‘z o‘rnini egallashiga ko‘maklashish bo‘yicha bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilganini albatta e’tirof etishimiz kerak.
Ayni vaqtda tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, mohiyat e’tibori bilan yoshlarning haqiqiy tayanchi va suyanchi bo‘lishi zarur bo‘lgan "Kamolot" harakati faoliyatida jiddiy kamchilik va nuqsonlar ko‘zga tashlanmoqda.
Birinchidan, "Kamolot" butun O‘zbekiston yoshlarini birlashtirgan, tom ma’nodagi ommaviy harakatga aylana olmadi. U asosan o‘z atrofida Harakat faoliyatiga xayrixoh bo‘lgan yoshlarni uyushtirib, faqat ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidangina ish olib bordi.
Natijada yoshlarning keng qatlamlariga taalluqli bo‘lgan dolzarb masalalar, avvalo, yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni katta maqsadlar sari safarbar etish, uyushmagan yoshlar bilan ishlash, qisqacha aytganda, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘zini haqiqiy yoshlar tashkiloti sifatida ko‘rsata olmadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda "Kamolot"ning 4 millionga yaqin a’zosi bor. Bu mamlakatimizdagi 10 milliondan ziyod yigit-qizlarning 40 foizini tashkil etadi.
Bir qarashda, 4 million — salmoqli raqam bo‘lib ko‘rinadi. Lekin xolisona aytganda, tashkilotga a’zolik ko‘p hollarda faqat qog‘ozda mavjud, amalda esa aksariyat a’zolar "Kamolot" to‘g‘risida aniq tasavvurga ega emas, uning maqsad va vazifalarini bilmaydi, o‘z yetakchilarini tanimaydi, Harakat faoliyatida ishtirok etmaydi.
Natijada yurtimizdagi minglab yoshlar, ayniqsa, qishloq joylarda nafaqat "Kamolot"ning, ayni vaqtda davlat va jamiyatning e’tiboridan chetda qolmoqda. Ular bilan hech kim deyarli shug‘ullanmayapti, ular o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, desak, achchiq haqiqatni tan olgan bo‘lamiz.
Buning oqibatida uyushmagan, ya’ni, ishlamaydigan, o‘qimaydigan, tayin bir mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, salbiy ta’sirlarga beriluvchi yoshlar soni ortib bormoqda.
Yoshlar o‘rtasida jinoyat sodir etish, diniy ekstremistik oqimlarga, terrorchi guruhlarga qo‘shilib qolish holatlari ko‘payib borayotgani kuzatilmoqda.
2016 yilda yoshlar ishtirokida 1 million 740 mingga yaqin huquqbuzarlik, 23 ming 440 ta jinoyat sodir etilgani, yosh oilalar o‘rtasida 8 mingdan ortiq ajralish holati qayd etilgani barchamizni jiddiy tashvishga solishi kerak.
Ayni vaqtda bu masalada yoshlar bilan doimo hamnafas, hamfikr bo‘lib yashashi, ishlashi kerak bo‘lgan "Kamolot" va uning joylardagi bo‘linmalarining mas’uliyati ko‘proq, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
"Kamolot" faoliyatidagi bunday kamchiliklarning albatta obyektiv va subyektiv sabablari bor.
Obyektiv sabablar shundan iboratki, biz o‘z vaqtida "Kamolot"ni jamoat tashkiloti sifatida tuzib, lekin undan katta bir vazirlik vazifasini talab qila boshladik. Unga juda keng, ulkan vazifalarni topshirdig-u, ammo ularni bajarish uchun zarur huquqiy va amaliy vakolatlar, tegishli imkoniyat va imtiyozlar yaratib berish haqida, afsuski, yetarlicha bosh qotirmadik.
Oqibatda "Kamolot" yoshlar hayoti bilan bog‘liq hamma narsaga javob beradigan va ayni paytda hech narsaga javob bermaydigan, mo‘rt va zaif bir tuzilmaga aylanib qolganini bugun qanchalik og‘ir bo‘lmasin, e’tirof etishimiz kerak.
"Kamolot" faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan subyektiv sabablar haqida gapirganda, uning aksariyat rahbarlari va xodimlari tomonidan ishga rasmiyatchilik bilan, yuzaki va loqayd munosabatda bo‘lish, maishatga, ichkilikbozlikka berilish kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilayotganini ham afsus bilan qayd etish lozim.
Men bugungi anjumanda "yoshlar yetakchisi" degan yuksak nomga mutlaqo yarashmaydigan bunday noxush holatlar haqida gapirib, sizlarni xijolatga qo‘yish fikridan yiroqman.
Sizlar qurultoy majlislarida bu masalalarni ham muhokama qilib, ularga tegishli baho berasizlar, deb o‘ylayman.
Afsuski, biz "Kamolot"ni yoshlarimiz chin dildan intiladigan, samarali faoliyat olib boradigan, zamonaviy kuchli bir tashkilotga aylantirish uchun o‘z vaqtida tegishli choralar ko‘rmadik. Buni ochiq tan olishimiz va zarur xulosa chiqarishimiz kerak.
Men bu gaplarni osmondan olib emas, aniq faktlardan kelib chiqib aytapman.
Mana, Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar bilan tanishib ko‘ringlar. Ularning aksariyati "Bizni hech kim eshitmaydi", "Bizni hech kim tushunmaydi", "Biz bilan hech kim qiziqmaydi", "Rahbarlar o‘zini o‘ylash bilan ovora" degan mazmunda yozilgan.
Yoshlarga, ularning tashvish va muammolariga ana shunday mensimasdan qarash holatlari, afsuski, haqiqat.
Biz yoshlarga mana shunday bepisand, begona munosabatda bo‘lsak, oqibati nima bo‘lishi aniq — ular ham bizdan begonalashadi.
O‘qishdan, ishdan, jamiyatdan, davlatdan, boringki, hayotdan ko‘ngli sovib, xalqimiz iborasi bilan aytganda, qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga uradi.
Bu haqda gapirganda, nafaqat joylarda, balki Harakatning markaziy idorasida ham mehnat va hayot tajribasiga ega bo‘lgan malakali kadrlarning yetishmasligi jiddiy muammo bo‘lib turganini ta’kidlash lozim.
Buning asosiy sabablaridan biri shundaki, tizimda ishlayotgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yetarlicha e’tibor berilmayapti.
O‘rtacha oylik ish haqi 800 ming so‘mni tashkil etayotgani uchun ularning aksariyati oylik maoshi katta bo‘lgan boshqa ishlarga o‘tib ketapti.
Buning ustiga, ko‘pgina viloyat va tumanlarda "Kamolot" tashkilotlari uchun binolar yetishmasligi, ularning moddiy-texnik bazasi nochorligi, zarur mebel va inventarlar, aloqa va tashkiliy texnika vositalari bilan yetarlicha ta’minlanmagani, xizmat mashinalari yo‘qligi ham ishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Misol uchun, hududiy bo‘linmalarning 81 tasi mahalliy hokimliklar binosida, 96 tasi turli korxona va muassasalar binosida joylashgan. Bu o‘z-o‘zidan yoshlarning o‘z tashkilotiga erkin kirib-chiqishini qiyinlashtirmoqda.
Ba’zi misollarga murojaat qilaylik.
"Kamolot"ning Toshkent viloyati, Piskent tumani kengashi tuman hokimligi binosida faoliyat yuritib kelgan. Ammo hokimning topshirig‘iga ko‘ra, "Kamolot"ga tegishli xonalar "Mahalla" fondining tuman bo‘limiga olib berilgan. "Kamolot"ga esa uchinchi qavatdagi majlislar zalidan shunchaki nomiga joy ajratilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli, Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidagi "Kamolot" tashkilotlari avariya holatidagi binolarda joylashganiga, aytinglar, nima desa bo‘ladi?
Ana shunday chidab bo‘lmaydigan yana bir misolni keltirmoqchiman. "Kamolot" harakatining O‘rta Chirchiq tumani kengashi "Elegant" deb ataladigan kelin-kuyovlar libosi salonida joylashgan. Buni qanday baholash mumkin?
Harakatning joylardagi tuzilmalari faoliyati tor doirada cheklanib, asosan o‘quvchi-yoshlarga qaratilmoqda. Buning natijasida yoshlarning katta qismiga Harakatning so‘zi ham, amaliy ta’siri ham yetib bormayapti. Ayniqsa, uyushmagan yoshlar bilan ishlash masalasi e’tibordan chetda qolib ketmoqda.
"Kamolot" tomonidan o‘tkazilayotgan ko‘pchilik tadbirlarning, targ‘ibot materiallarining mazmuni va sifati pastligi, ular zamon talablariga javob bermasligi, yoshlar auditoriyasi bilan ish olib borishda interaktiv usullar qo‘llanmayotganini qayd etish lozim.
Yana bir noxush holat shundan iboratki, mahalliy hokimliklar tomonidan "Kamolot" rahbarlari va xodimlarini ularga aloqasi bo‘lmagan vazifalarni bajarishga, jumladan, qishloq xo‘jaligi yumushlari, metallom topshirish, obodonlashtirish kabi ishlarga, eng yomoni, turli-tuman majlislarga jalb etish avj olmoqda.
Bunday achinarli holat Toshkent shahrida ham mavjud bo‘lib, "Kamolot"ning tuman kengashlari raislari obodonlashtirish ishlari, binolar fasadini ta’mirlashga safarbar etilgan.
Ular ish vaqtining asosiy qismini o‘zlariga biriktirilgan "okrug"larda o‘tkazadi. Kechki payt esa hokimiyat majlislarida hisobot beradi. O‘zingiz ayting, ular qachon o‘zining bevosita ishi, ya’ni, yoshlar masalasi bilan shug‘ullanadi?
Eng yomoni, joylardagi ayrim rahbarlar "Kamolot" uchun munosib sharoit yaratib berish, yoshlar yetakchilariga yordam berish o‘rniga ularga qo‘pol munosabatda bo‘lish, obro‘sini to‘kishni "ish uslubi"ga aylantirib olmoqda.
Masalan, joriy yilning 4-may kuni Navoiy shahridagi "Yoshlik" sport majmuasida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlarida xunuk voqea ro‘y bergan. Ichki ishlar boshqarmasi rahbarlaridan biri "Kamolot"ning Navoiy viloyati kengashi raisini ko‘pchilik o‘rtasida haqorat qilib, zo‘ravonlik bilan tadbirdan chetlashtirmoqchi bo‘lgan.
Qani, ichki ishlar vaziri, A.Azizov, siz bu masalaga qanday izoh berasiz? Navoiy viloyat hokimi, Q.Tursunov, sizning bu holatdan xabaringiz bormi? Bor bo‘lsa, bu masala bo‘yicha qanday chora ko‘rdingiz?
Shu borada Andijon viloyatidan ham noxush bir misol keltirishga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi munosabati bilan viloyat "Kamolot" harakati kengashiga Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tantanali ravishda yangi avtobus topshirilgan. Lekin marosim tugashi bilan avtobus olib qo‘yilib, uning o‘rniga shalag‘i chiqqan eski transport vositasi berilgan. Aytinglar, bunday "o‘yin"lar, ko‘zbo‘yamachilik bilan biz yoshlarga qanday tarbiya berapmiz?
Andijon viloyatining hokimi Sh.Abdurahmonov, siz bunga nima deysiz?
Afsuski, bunday kamchiliklarni respublika miqyosidagi vazirlik va idoralar faoliyatida ham uchratish mumkin.
Hozirgi vaqtda ko‘pgina qishloq joylarda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun zamonaviy infratuzilma tarmoqlari deyarli yo‘q. Masalan, Baxmal, Mirzaobod, Xovos, O‘rta Chirchiq tumanlarida yoshlar uchun istirohat bog‘lari, kinoteatrlar umuman mavjud emas.
Yana bir misol. Buxoro shahrida joylashgan Ibn Sino nomidagi dam olish va istirohat bog‘i Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, 2016-yilning noyabr oyigacha rekonstruksiya qilinib, "Kamolot" balansiga yoshlar markazi sifatida o‘tkazilishi zarur edi. Lekin mablag‘ yetishmasligi tufayli qurilish va obodonlashtirish ishlari to‘xtab qolgan.
Qani, ana shu shahar va tumanlarning hokimlari, tegishli mutasaddilar, bu masalalarga qanday baho berishingiz mumkin?
Sizlar rahbar bo‘lgan hududlarda yashaydigan yoshlar zerikkanidan nima qilishni bilmasdan, bemaza ishlarga berilishi, bezorilik, jinoyat yo‘liga kirishi, zararli oqimlarga qo‘shilib ketishi mumkinligi nahotki sizlarni bezovta qilmasa?! Yoshlar uchun barcha sharoitlarni muhayyo qildik, deb biz kimni aldayapmiz?
Shu munosabat bilan barcha katta-kichik rahbarlar qulog‘iga qo‘rg‘oshindek quyib olsin: biz endi sizlarning faoliyatingizga paxta yoki g‘allaga qarab emas, eng avvalo, sizlarning yoshlarga, yoshlarga oid davlat siyosatiga bo‘lgan munosabatingizga qarab baho beramiz.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Bunday tanqidiy fikrlarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Lekin maqsad — faqat tanqid qilish emas. Maqsad shu gaplardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, tilga olingan har bir muammo bo‘yicha amaliy yechim topishdan iborat.
Biz bugungi O‘zbekiston sharoitida yoshlar tashkiloti qanday bo‘lishi kerak, degan masalani tegishli rahbarlar, olimlarimiz, ekspert va mutaxassislar, yoshlar vakillari bilan ko‘p bor muhokama qildik.
Bu borada jahon tajribasini, uzoq-yaqindagi turli davlatlar tajribasini o‘rgandik. Dunyodagi rivojlangan, demokratik mamlakatlarda yoshlar tashkilotlari dabdabali, balandparvoz tadbirlar o‘tkazish emas, balki yoshlar bilan bevosita ishlash, ular bilan amaliy muloqot qilish, ularni o‘ylantirayotgan hayotiy muammolarni hal etishga asosiy e’tiborni qaratadi.
Hozirgi paytda hammangiz "oynai jahon" orqali ko‘rapsiz, biz joylarda jamoatchiligimiz, avvalo, yoshlarimiz vakillari bilan doimiy muloqotlar o‘tkazapmiz. Bu uchrashuvlarda bir fikr takror va takror aytilmoqda. Ya’ni, O‘zbekiston yoshlari rasmiyatchilikdan, kampaniyabozlikdan xoli, navqiron avlod manfaatlarining haqiqiy himoyachisi bo‘la oladigan demokratik yoshlar tashkilotini tuzish haqida o‘z xohish-istaklarini bildirmoqda.
Bunda ilgarigidek barcha yoshlarni bir tashkilotga "ixtiyoriy-majburiy" asosda birlashtirish emas, aksincha, ularning orzu-intilishlari, hayotiy va kasbiy qiziqish doirasi, ijtimoiy maqsadlari bo‘yicha uyushtirish to‘g‘ri bo‘ladi, degan takliflar ilgari surilmoqda.
Mening nazarimda, bunday fikrlarda chuqur asos va mantiq bor. Bu taklifning afzalligi shundaki, u mamlakat yoshlarining barcha toifa va guruhlarini qamrab oladi, eng muhimi, ularni demokratik prinsiplar asosida birlashtiradi.
Bu, o‘z navbatida, bugun O‘zbekistonda olib borilayotgan demokratik islohotlar jarayoni bilan hamohang ekani ayniqsa e’tiborlidir.
Ana shularning barchasini hisobga olib, mamlakatimizda yoshlarning chinakam suyanchi va tayanchi bo‘la oladigan mutlaqo yangi tashkilot — O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tashkil etsak, nima deysizlar?"