TOShKENT, 28-iyun — Sputnik, Begzod Rahmonov. O‘zbekiston nashrlarida kechagina e’lon qilingan — "Nukusga bilet yo‘q, lekin samolyotning yarmi bo‘sh keldi" sarlavhali maqola yuzasidan shov-shuvlar pasaymay turib, xabarning "Urganchga chipta yo‘q, lekin vagonning yarmi bo‘sh keldi" nomli davomi paydo bo‘ldi.
Internet tarmoqlarida qoraqalpog‘istonlik Narimmat Yuldashev ismli fuqaro Toshkent – Urganch yo‘nalishida poyezdga bilet olish uchun bir kun qiynalganini batafsil hikoya qilgan. Qo‘yida Yuldashev boshdan kechirgan "sarguzashtdan" parchalar keltiramiz:
"Kassir hujjatlarga bir nazar solib, "siz qoraqalpog‘istonlik ekansiz, shuning uchun Urganchga chipta berolmayman — Qoraqalpog‘istonga boradigan poyezdlargagina chipta olishingiz mumkin", — dedi. Qulayligi uchun menga Urganchga chipta sotishini talab kilsam, kassir "endi siz bilan gaplashmayman — boring boshqa kassalarga", deb hujjatlarimni oldimga tashladi, hikoya qilgan Narimmat aka.
Rad javobi berilishining sababi tushuntirilmasa, bunday muomaladan har qanday odam xafa bo‘lishi aniq. O‘zbekiston qonunchiligida, bir hudud fuqarolariga boshqa hududga chipta sotishga cheklov yo‘q, albatta.
Shu masalaga aniqlik kiritish maqsadida "O‘zbekiston temir yo‘llari" matbuot-xizmati bilan bog‘landik.
"Agar u kishi chegirmali chipta olish huquqiga ega bo‘lgan nogiron bo‘lsa, shunday javob berilgan bo‘lishi mumkin. Lekin Qoraqalpog‘istonlik nogironlarning barchasining Orolbo‘yi shaharlariga, jumladan, Urganchga ham bilet olishga huquqlari bor", — dedi kompaniya vakili Sputnik muxbiriga.
Demak, kassir qiz nogironlarga Orolbo‘yi shaharlariga chipta sotish qoidalarini aniq bilmay turib, Narimmat akaga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lgan.
Xullas, Chernobil nogironi Narimmat aka bir necha marotaba smena boshlig‘i-yu, kassa rahbarlarining eshigini qoqib, bilet olishga muvaffaq bo‘ladi, lekin poyezdga chiqqanidan keyin vagonning yarmi bo‘shligini ko‘rib, lol qoladi…
"…Ne ko‘z bilan ko‘rayki, biz chiqqan 6-vagonga bor yo‘g‘i 10 tacha odam chipta bilan chiqdi. Yo‘lda chiqqanlar bilan qo‘shib vagondagi 36 o‘rinda ko‘pi bilan 18ta o‘rin band bo‘ldi, qolgan teng yarmi Urganchgacha bo‘sh keldi…", — deb yozadi Narimmat aka.
Vaholanki, u kishi chipta olayotganda kassirlar o‘rin yo‘qligini ro‘kach qilib, bir kun ovora qilgan edi.
O‘z hikoyasi so‘ngida Narimmat amaki "O‘zbekiston temir yo‘llari" kassirlarini kompaniyani kasodga uchratish uchun chetdan yollangan "qo‘poruvchilar" deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, "O‘zbekiston Temir yo‘llari" davlat aksiyadorlik jamiyati mamlakatning eng yirik va yetakchi korxonalaridan biridir. Kompaniya saytida xabar berilishiga ko‘ra, o‘tgan 2016-yilda kompaniya 21,1 mln. yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Kompaniyada 75 ming kishi ishlaydi.
Voqeani har tomonlama yoritish maqsadida, Sputnik muxbirlari O‘zbekistonning turli hududlari vakillari bilan bog‘lanib, O‘zbekiston temir yo‘llari xizmatlaridan foydalanganda, qanday muammolarga duch kelgani bilan qiziqdi.
Xizmat yuzasidan temir yo‘l transportidan tez-tez foydalanishga to‘g‘ri kelayotgan samarqandlik tanishimiz, temiryo‘l chiptasi olishda muammoga duch kelmaganini, kassirlar hech qanday qo‘shimcha narx so‘ramaganini xabar qildi.
O‘zbekiston temir yo‘llari ishonch telefonida ham bizga "Bilet bo‘lsa biz albatta sotuvga chiqaramiz, lekin ba’zan bronlar bo‘ladi, shuning uchun bo‘sh joylar sotilmaydi", — deyishdi.
Demak, yuqorida tilga olingan muammolar faqat Toshkentdagi temir yo‘l kassalariga taaluqli ekan.
Umuman olganda, bugungi kunda internet va elektron to‘lov tizimlari rivojlanishi natijasida, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida poyezd, samolyot, avtobus va boshqa xil chiptalar uydan chiqmay internet orqali sotib olinmoqda. AQSh yoki Yaponiya kabi eng rivojlangan mamlakatlarni hisobga olmasak, Rossiyada ham shunday tizim ishga tushganiga naqd 10-yildan oshdi.
Internet orqali bilet sotib olishning hech qanday muammoli joyi yo‘q. Bilet puli esa bank kartasi yordamida bir zumda to‘lanadi. Qonun-qoidani, muomala qilishni bilmaydigan kassirlarga murojaat qilishga hojat ham qolmaydi.
O‘zbekistonda ham bu ishni kompyuter va internet ixtiyoriga topshirishning vaqti kelgan shekilli, aks holda Narimmat aka aytmoqchi "ayrim qo‘poruvchi kassirlar" kompaniyani kasodga uchratishi aniq…