TOShKENT, 27-iyun — Sputnik, Begzod Rahmonov. "Il-114 samolyotida 23 odam keldik, lekin avikassalarda chipta yo‘q!", deb aviakassalar faoliyatini tanqid qildi Toshkent-Nukus yo‘nalishida 26-iyun kuni parvoz qilgan yo‘lovchi.
"Men bugun ya’ni 26-iyun soat 15:10 dagi reysda uchib keldim. Ushbu mavzuni nega qo‘zg‘ayapman — sabab, birga uchib kelgan aka va opalarimizning norozi suhbatidan kelib chiqqan holda yozdim! Ya’ni men bugun ertalab tezda Nukusga qaytishim kerak bo‘lib Markaziy Aviakassaga murojaat qilganimda, menga chipta umuman yo‘q degan xabarni aytishdi. Men tanish-bilish orqali, do‘stlarimning broni orqali chipta oldim. Ro‘yxatdan o‘tib samolyotga o‘tirsam, 52 odamlik IL 114 samolyotida, 23 odam bo‘lib uchib keldik. Men hayron bo‘lib tursam, ichidagi odamlar ham norozi, sababi — kimdir palon so‘m, kimdir pismadon so‘m ustama pul berib chipta olishga majbur bo‘lgan.
Men bu voqeaga nima demoqchiman. Xaloyiq, hurmatli Prezidentimizning poroxo‘rlikning oldini olish bo‘yicha chiqargan bir nechta farmon va korxonalarga bo‘ysinmayotganliklari qanchalik achinarli", — deb Ilham Saymanovning fikrini keltirgan "Qoraqalpog‘iston yangiliklari" nashri o‘z sahifasida.
Ushbu voqea sovet davrining eng yomon illatlaridan birini esga soldi. O‘sha davrlarda magazinlardagi yetishmovchilik, kerakli narsani topa olmay odamlar sarsonu-sargardon edi. Lekin ayrim sotuvchilar "prilavka ostidan", istagan narsangizni "shapkasi" bilan muhayyo qilishga tayyor edi.
"O‘zbekiston Havo yo‘llari" aviakassalarida hali ham shunday fikrlaydigan kishilar borligi, haqiqatdan ham, achinarli hol…