TOShKENT, 23-iyun — Sputnik. Rossiya Davlat Dumasining Mudofaa qo‘mitasi raisi Vladimir Shamanov RIA Novostiga Rossiyaning Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan Suriyaga qo‘shinlarni yuborish masalasida muzokaralar olib borayotganini xabar qildi.
"Ayni damda muzokaralar olib borilmoqda. Rossiya harbiy politsiya xodimlari Suriyada tartibni saqlashda ishtirok etishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, Qozog‘iston va Qirg‘izistonlik hamkasabalarimizni taklif qilish masalasi ham. Shunday niyat bor, lekin bu borada hali qaror qabul qilinmagan", — dedi Shamanov.
Eslatib o‘tamiz, 3-4 may kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida uch mamlakat — Rossiya, Turkiya va Eron Suriyada tinchlik o‘rnatish kafolatchilari bo‘lishi haqida kelishib olingan edi.
Shuningdek, Suriya hududida to‘rtta "Tinchlik zonasi" tashkil qilish haqida va ushbu zonalarda o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olingan edi. “Tinchlik zonalari” Idlib viloyati, Latakiya, Homa va Alepponing ma’lum bo‘laklarini va boshqa bir necha hududlarni qamrab oladi.
Kelishuvga ko‘ra, tinchlik kafolatchilari bo‘lgan mamlakatlar Suriyaga o‘z harbiy kuzatuvchilarini yoki o‘zlari ishongan mamlakat tinchlikparvar qo‘shinlarini kuzatuvchi sifatida yuborishlari mumkin.
Turkiya prezidenti vakili Ibrohim bu borada Haberturk nashriga shunday degan edi.
"Bularning hammasi xaritani sinchiklab o‘rganishni talab qiladi: qayerga nechta askar kiritiladi, qayerda joylashtiriladi. 300 ta yoki 500 ta askar kerakmi? Hozir Idlibda bir milliondan ortiq kishi yashaydi. Shuncha aholi yashaydigan hududda tartibni saqlash uchun nechta harbiy kerakligi muhokama qilinmoqda. Iyulda Ostonada bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan navbatdagi uchrashuvimizda ushbu masala muhokama qilinadi", — dedi Kalin.
Kalin aytishiga qaraganda, Turkiya harbiylari Idlib viloyatida Rossiya harbiylari bilan yonma-yon joylashtiriladi. Eron harbiylari esa Damashq yaqinida joylashtiriladi.
Suriyadagi "Xmeymim" muxolifatchi guruhi rahbari Ilyan Masaad RBK nashriga nima uchun Suriyada o‘rnatiladigan "Tinchlik zonalari"dagi kuzatuvchi aynan Qozog‘iston va Qirg‘izistonlik bo‘lishi kerakligiga izoh bergan.
"Kuzatuvchi mamlakatlar ayni damda Suriyadagi mojaroda ishtirok etmayotgan, xolis musulmon mamlakatlari bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, ushbu mamlakatlar Rossiya va Suriya hukumati bilan hamfikr bo‘lishi kerak. Tinchlikparvar qo‘shinlarning vazifasi — "Tinchlik zonalari"da o‘t ochishning to‘xtatilishini kuzatib borish bo‘ladi", — deb tushuntirdi Masaad RBK nashriga.
Qozog‘iston va Qirg‘izistonga bundan nima foyda?
"Eksport voorujeniy" jurnali bosh muharrisi Andrey Frolov aytishiga qaraganda, Qozog‘iston va Qirg‘iziston uchun Suriyaga harbiylar yuborish foydali tajriba bo‘lishi mumkin.
"Birinchidan, bu xalqaro maydonda o‘z obro‘sini oshirish, ikkinchidan esa, o‘z harbiy kuchlarini haqiqiy jangovor vaziyatda sinab ko‘rish imkoni bo‘ladi", — dedi Frolov.
Rossiya xalqaro ishlari bo‘yicha eksperti Anton Mardasovning fikriga ko‘ra, ushbu operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda xalqaro maydonda KXShTning ham nufuzi oshadi.
Qozog‘iston va Qirg‘iziston hukumatiliari Suriyaga harbiylarni yuborish haqida ma’lumotdarni hozircha inkor qilmoqda.
"Qozog‘iston Suriyaga qo‘shinlarni yuborish haqida hech kim bilan muzokaralar olib bormayapti. Bizning mamlakat dunyoning istalgan nuqtasiga tinchlikparvar qo‘shinlarni yuborishga asos bu — BMT Xavfsizlik qo‘mitasining rezolyutsiyasidir", — dedi Qozog‘iston TIVi rahbari Kayrat Abdraxmanov.
Qirg‘iziston Bosh shtabi vakili jurnalistlarga Rossiya bilan bu boradagi muzokaralardan xabari yo‘qligini xabar qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat qonunchiligi tinchlikparvar harbiy qo‘shinlarni faqat BMT qaroriga asosan yoki KXShTning barcha mamlakatlari roziligi bilan yuborish imkonini beradi.