TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat diniy ulamolari oldida chiqish qilar ekan AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammitida aytilgan so‘zlardan iqtibos keltirdi.
Mirziyoyevga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp borada aniq va konstruktiv takliflarni ilgari surgan. Shundan so‘ng Mirziyoyev Tramp chiqishining bir qismini takrorlab o‘tgan:
"Men Prezident sifatida Amerika xalqi va o‘z nomimdan kafolat beraman, biz terrorizm va ekstremizmga qarshi qattiq kurash olib boramiz, bu yo‘lda, qaysi din vakili bo‘lishimizdan qat’i nazar, barchamiz birlashishimiz zarur. Yer yuzida tinchlikni saqlash va mustahkamlash eng asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak, dedi AQSh Prezidenti".
"Sammit minbaridan yangragan bunday gaplar albatta bizga ham ma’qul bo‘ldi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, biz bugungi kunda ijtimoiy-ma’naviy hayotimizni rivojlantirish borasida amalga oshirayotgan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz, buning uchun davlatimiz va jamiyatimizning barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etishimiz shart. Chunki hozirgi vaqtda dunyo miqyosida hukm surayotgan tahlikali vaziyat, siyosiy va iqtisodiy inqirozlardan tashvishga tushmayotgan birorta davlat yoki jamiyat yo‘q, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ana shunday o‘ta murakkab va qaltis sharoitda qanday yo‘l tutish, qanday qilib tinchlik va osoyishtalikni saqlash, barqaror rivojlanishni ta’minlash mumkin, degan savol barchamizni jiddiy o‘ylantirishi zarur.
Ayniqsa, keyingi paytda turli mamlakatlarda sodir etilayotgan terrorchilik harakatlarining ijrochilari qatorida millatimizga mansub kimsalar ham borligi xalqimizda afsus va nadomat uyg‘otmoqda.
Tinchlik va osoyishtalikni, insoniylikni hamma narsadan ustun qo‘yadigan xalqimiz bunday shaxslarni, ularning qilmishlarini keskin qoralaydi. Ularni o‘zbek degan nomga nomunosib deb hisoblaydi.
Hozirgi vaqtda yoshlar, ayniqsa, chet elda ishlab, halol mehnat bilan daromad topaman, deb yurgan fuqarolarimiz terrorizm va ekstremizm changaliga tushib qolmasligi uchun biz barcha choralarni ko‘rapmiz.
Shu maqsadda, mana, Turkmaniston va Qozog‘iston Respublikasiga qisqa muddatda ikki marta tashrif bilan bordik. Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Saudiya Arabistoniga tashriflarimiz ham samarali bo‘ldi.
Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi chog‘ida mehnat migratsiyasi bo‘yicha muhim kelishuvga erishdik. Bizning bu boradagi pozitsiyamiz aniq: odam qayerda bo‘lsa ham ishlashi, oilasi, bola-chaqasini boqishi kerak. Lekin u halol mehnat qilishi, qonuniy yo‘l bilan daromad topishi lozim. Buning uchun davlatimiz barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyor.
Ammo yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanmasdan, egri qadam bosadigan, el-yurtimizga isnod keltiradigan kimsalar — ularni nonko‘r desak, to‘g‘ri bo‘ladi — bunday shaxslar bilan boshqacha ish olib boramiz. Buyuk shoirimiz Zahiriddin Muhammad Bobur aytganidek, "Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur, Har kimki jafo qilsa, jazo topqusidur".
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.