TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Kecha Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi" mavzusidagi anjumanda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yashirincha shar’iy nikoh o‘qitish, xotin ustiga xotin olish holatlarini keskin qoraladi.
Bir paytlar hayotning o‘zi rad etgan kundoshlik, qo‘shxotinlik balosi qanday xunuk oqibatlarga olib kelishi barchamizni tashvishga solishi kerak. Atoqli adibimiz Abdulla Qodiriy "O‘tkan kunlar" romanida kundoshlik tufayli butun bir oila boshiga tushgan fojialarni juda ta’sirchan tasvirlab bergani nahotki saboq bo‘lmagan bo‘lsa?", dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev bunday holatlarning qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi, qanday muammolar paydo qilishi borasida fikr bildirdi.
Eng yomoni, bunday bolalar ruhan majruh bo‘lib, turli ma’naviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi deb his etolmaydi", dedi O‘zbekiston rahbari.
Prezident imom-xatiblarga murojaat qilar ekan, bunday holatlarga chek qo‘yish maqsadida alohida qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ta’kidladi.
"Hurmatli imom-xatiblar, sizlar Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan berilgan hujjatni ko‘rmasdan turib, turli boyvachchalarga shar’iy nikoh o‘qib berayotganingizda mana shunday ishingiz oilalarga qanday baxtsizlik, jamiyatga qanday katta muammo olib kelayotganini loaqal tasavvur qilasizlarmi o‘zi?!
Hozirgi kunda hayotimizda avj olayotgan ana shunday xunuk, yaramas holatlarga chek qo‘yish maqsadida alohida qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Bu qonunda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan berilgan hujjatga ega bo‘lmagan shaxslarga shar’iy nikoh o‘qigan har qanday mullaga, agar u vallomat bo‘lsayam, jinoiy jazo berish ko‘zda tutiladi", dedi Shavkat Mirziyoyev.