TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Kecha Toshkentda "Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi" mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining rasmiy veb-sayti xabar bermoqda.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlari, din arboblari, "Nuroniy" va "Mahalla" jamg‘armalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati faollari, hokimliklar, huquq-tartibot idoralari vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, islomiy ta’lim muassasalari mutasaddilari va talabalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbirda nutq so‘zladi, jumladan, turli diniy oqimlarga qo‘shilib ketayotgan, adashgan fuqarolarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish borasida quyidagicha fikr bildirdi.
"Biz ko‘p joylarda jaholatga qarshi ma’rifat tashabbusi bilan chiqapmiz. Muqaddas islom dinini niqob qilib boshqa ko‘chalarga kirib ketayotgan johil kimsalar bir narsani tushunmaydi yoki tushunishni istamaydi. Ya’ni, islom faqat nurli hayotga, ilm-ma’rifatga, yaxshilikka undaydi. Hech qachon xunrezlik, qotillik, zo‘ravonlikka chaqirmaydi. Ana shu haqiqatni tan olmasdan, soxta g‘oyalarga aldanib, zararli oqimlarga kirish, terrorchi bo‘lish — bu O‘zbekiston xalqiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi", — dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston prezidenti yig‘ilgan imom-xatiblarga murojaat qilar ekan, sog‘lom e’tiqod yo‘lini targ‘ib qilish avvalo ulardan so‘ralishini, ulardan ibrat olinishini bildirdi.
"Shuning uchun ham sizlarning katta bilimingiz, obro‘-e’tiboringizni inobatga olib, men sizlarga, barcha din ahllariga, jamoatchiligimizga murojaat qilmoqchiman: yurtimizda tinchlikni, osoyishtalikni saqlashda bizga yordam bering.
Agar mahallangizda birorta bola zararli diniy oqimga kirib qolgan bo‘lsa, uni noto‘g‘ri yo‘ldan qaytarishga harakat qiling.
Avvalo, ular bilan gaplashib, bu — ota-bobolaring yo‘li emas, bu yo‘ldan qayt, haqiqat mana bu yoqda, tinchlik va ezgulik yo‘lidan borib, hech kim kam bo‘lmagan, deb ularni sog‘lom e’tiqodga ishontirish kerak. Bilim bilan, aql va ma’rifat, namunali ishlar bilan ishontirish kerak. Tarixdan, bugungi hayotimizdan olingan hayotiy, ta’sirchan misollar bilan inontirish kerak.
Bunday targ‘ibot, bunday tashviqot sizlarning qo‘lingizdan albatta keladi", — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev xususan yo‘ldan adashganlar haqida fikr bildirar ekan, ularni darhol dushmanga chiqarib qo‘ymaslikni so‘radi.
"Yo‘ldan adashgan bolani darrov dushmanga chiqarmasdan, uni o‘zimizning farzandimiz, deb bilishimiz kerak. Unga butun qalbimiz, yuragimiz bilan achinayotganimizni shu bola bilsin. Zora, shunda ularning ham qalb ko‘zi ochilsa, to‘g‘ri yo‘lga qadam qo‘ysa…
Bir bolaning yo‘ldan adashishi — bu nafaqat bir oila, balki butun jamiyat boshiga tushgan kulfat. Bundan avvalo shu bolaning ota-onasi, aka-ukalari, yaqinlari jabr ko‘radi. Bunday paytda ularga yordam berish kerak. Biz esa, afsuski, ulardan o‘zimizni olib qochamiz. To‘yga chaqirmaymiz, marosimga chaqirmaymiz, u falonchining akasi yoki o‘g‘li, deb ularning nafratini battar avj oldiramiz, aybsiz odamlarni ashaddiy dushman qilamiz.
Natijada nima bo‘ladi? Kulfat kamayish o‘rniga ko‘payadi. Boshqa oilalar hayotiga ham kirib boradi.
Bugun shu masalani ko‘ndalang qo‘yadigan vaqt keldi.
Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy "Olijanob kishilar uzrni qabul qilur", deb ta’kidlagan ekanlar. Xalqimiz — mard va olijanob xalq. Kim chin dildan uzr so‘rasa, tavba qilsa, albatta gunohidan kechadi. Shuning uchun hozirgi kunda qancha adashganlarni kechirib, to‘g‘ri yo‘lga solyapmiz. Birini o‘qishga, birini ishga, birini kasbga qaytarapmiz.
Ming afsuski, zararli diniy oqimga kirgan bolani "Bu — qo‘shnining bolasi, boshqa qishloq yoki tumanning bolasi", deb loqayd bo‘layotganlar ham oramizda yo‘q emas. Kimdir chetga chiqib, ekstremistlarga qo‘shilib yurgan bo‘lsa, ba’zi rahbarlar, u Farg‘onadan emas, Andijondan, Qashqadaryodan emas, Samarqanddan, deb beparvo bo‘lmoqda. Lekin u O‘zbekiston farzandi, O‘zbekiston fuqarosi-ku!
Shu munosabat bilan bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: O‘zbekistonda davlat davlatchiligini qiladi, qonun ustuvor bo‘ladi. Xudoga shukur, davlat rahbari sifatida buni ta’minlashga mening kuchim ham, bilimim va salohiyatim ham albatta yetadi. Bu haqiqatni hech kim, hech qachon esidan chiqarmasin",-deb ta’kidladi O‘zbekiston prezidenti.