O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi gap: soxta telegramma ortida qanday maqsad bor?

© AP Photo / Anvar IlyasovO‘zbek chegarachisi
O‘zbek chegarachisi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Ba’zi shaxslar arzimagan pul evaziga soxta telegramma yordamida mamlakatimiz hududiga g‘araz maqsadlarda kirib kelayotganlarga imkon yaratishmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari tomonidan bir qator ana shunday holatlar aniqlandi

TOShKENT, 17-may — Sputnik. Ma’lumki, qo‘shni mamlakatlarga o‘tish va u yerdan bu tomonga kirib kelishning o‘z tartib-qoidalari bor. Chegaralar hamisha daxlsiz hisoblanadi.

Chegarachilar xizmatda - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara masalasini muhokama qildi
Xuddi shunday qonuniy kirish-chiqishlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlatlari bilan yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2004-yil 24-iyulda Bishkek shahrida imzolangan davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari haqidagi Bitim hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 28-dekabrda "Xalqaro shartnomalarni tasdiqlash to‘g‘risida" qarori qabul qilingan.

O‘zbek-qirg‘iz xalqlari azaldan quda-anda, qarindosh bo‘lib, yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. To‘yu-ma’rakalarida ham ular doimo birga bo‘lib kelishmoqda. Albatta chegaradan o‘tishda dafn marosimi yoki to‘yga chaqirilgan telegramma-taklifnomani taqdim etish lozim. Ko‘pchilik ana shular asosida yurtimizda, qo‘shni davlatda bo‘lib, aziz insonlari bilan diydorlashmoqda.

Afsuski, xalqimizda guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, degan naql bejiz aytilmagan ekan. Ba’zilar arzimagan pul evaziga soxta telegramma yordamida mamlakatimiz hududiga g‘araz maqsadlarda kirib kelayotganlarga imkon yaratishmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari tomonidan bir qator ana shunday holatlar aniqlandi.

Tunel - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston fuqarosi uy ichidan qazgan yerto‘la orqali Qirg‘izistonga kontrabanda tashigan
Keyingi paytda Qirg‘iziston Respublikasi "Kirgiztelekom" aloqa boshqarmasi O‘sh viloyat Novqat bo‘limida ishlovchi xodimlar tomonidan qalbaki telegrammalarning tarqalish holatlari ko‘p uchramoqda.

Joriy yilning 24-mart kuni davlat chegarasining "Vodil" chegara nazorat o‘tkazish maskanida O‘zbekistonga o‘tayotgan Saidolimxon Umurzaqovning taqdim etgan hujjatlari chegarachilarimizda shubha uyg‘otgan. Savol-javob qilingan chog‘ida soxta telegrammaning "siri" ochilib qoldi. Aniqlanishicha, mamlakatimizga o‘tish uchun qalbaki tayyorlanayotgan telegrammalarning narxi 800 so‘m qirg‘iz pulini tashkil qiladi.

Bu soxta telegrammalar Novqat tumanidagi aloqa bo‘limida telegrafistka bo‘lib ishlovchi N. Turaxodjayeva tomonidan tayyorlab berilgan. Nafsning quli bo‘lgan aloqa xodimi bu bilan ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga putur yetkazayotganini his etarmikin?! Shuningdek, Qirg‘izistonga borib, noqonuniy migratsiyada ishlayotganlar ham davlat chegaralaridan o‘tayotganda qalbaki hujjatlarni taqdim etish holatlari ham bor.

Achinarlisi, esa yurtimizda istiqomat qilayotgan fuqarolar ham ba’zida ularga sherik bo‘lib qolmoqda. Shu o‘rinda viloyatimizdagi ayrim fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mutasaddilari ham o‘z vakolatlarini ba’zida arzimagan mablag‘ evaziga buzayotganliklarini ta’kidlash zarur.

Qirg‘iziston chegarasidagi harbiy xizmatchi - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston 21 obyektni Qirg‘izistonga qaytardi
Ular mahallasida yashovchi fuqarolarga qo‘shni davlatdan qarindoshlarini chaqirish paytida tayyorlanishi lozim bo‘lgan hujjatlarni soxtalashtirishda ko‘mak berayotganini qanday tushunish mumkin? Mahalla jamiyatimizning muhim bo‘g‘ini bo‘lib, u adolat, halollik va ezgu qadriyatlar qaror topgan maskandir. Kimlargadir hamtovoq bo‘lib, nafsning yo‘rig‘iga tushib, vatanimiz sarhadlariga yomon niyat bilan kirib kelayotganlarga sharoit yaratib berish mahalla mutasaddilariga aslo yarashmaydi.

Bu vatan barchamiz uchun aziz. Yurtimizga g‘arazli maqsadda kelayotganlarga qarshi kurashish esa hammamizning burchimizdir. Zero, o‘z uyingni o‘zing asra, degan gapni aslo yoddan chiqarmaylik.

Masrur Mo‘minov, Farg‘ona.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0