TOShKENT, 11-may-Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun 11-may kuni Xitoyga davlat tashrifi bilan jo‘nab ketdi. Mirziyoyev uchun bu Turkmaniston, Qozog‘iston va Rossiyadan keyin to‘rtinchi davlat safari bo‘ladi.
Mutaxassislarning fikrlariga ko‘ra, Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi mazmun va mohiyat jihatidan avvalgi tashriflardan sezilarli darajada farq qiladi.
O‘zbekiston prezidentining dastlabki ikki davlat safarlari qo‘shni Turkmaniston va Qozog‘istoga amalga oshirilgan. O‘zbekiston prezidenti bu bilan o‘zining yaqin qo‘shnilari bilan munosabatlarni qayta tiklash va rivojlanishga qaratilgan siyosatini namoyish qildi.
O‘zbekiston Birinchi prezidenti davrida qo‘shni davlatlar bilan chegara, suv va savdo-iqtisodiy masalalar borasida aksariyat kelishuvlar qabul qilinishi rad etib kelingan bo‘lsa, yangi prezident ushbu masalalar borasida qo‘shnilar bilan murosaga kelishga harakat qilmoqda.
Yangicha siyosat natijasida, O‘zbekiston qisqa vaqt ichida qo‘shni mamlakatlar bilan chegara muammolarini hal qilishni boshladi va savdo-sotiq munosabatlarini tiklashga erishdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston, o‘z iqtisodiga xorijiy sarmoyalar jalb qilish va valyuta bozorini erkinlashtirishdan manfaatdor.
Bu borada, O‘zbekiston Xitoyni siyosatga aralashmagan holda iqtisod bilan shug‘ullanuvchi mamlakat sifatida qabul qiladi.
Xitoy investitsiyalari O‘zbekiston viloyatlariga juda kerak. Xitoy buni tushungan holda, butun respublika bo‘ylab, ishlab chiqarish korxonalari yaratish uchun sarmoya kiritmoqda.
Shu bilan bir vaqtda, O‘zbekiston Tojikiston va Qirg‘izistonda sodir bo‘layotgan “Xitoyning emaklovchi ekspansiyasi” xavfini yaxshi tushunadi va shuning uchun ham Xitoyni faqat sarmoyador va loyihalarni amalga oshiruvchi sifatida jalb qilishmoqda, lekin yirik mulkdor sifatida emas.
Bu borada O‘zbekistonda aniq strategiyaga amal qiladi: XXR Davlat banklari yoki fondlari ajratgan mablag‘ hisobida O‘zbekistonda yirik infratuzilma obyektlari yoki korxonalar quriladi. Shundan keyin Xitoy korxonasi uyiga ravona bo‘ladi, O‘zbekiston esa olingan natijadan foydalanadi va Xitoyga kreditni to‘lab boradi.
Shunday tartibda amalga oshirilgan loyihalarning eng so‘nggisi sifatida China Railway Tunnel Group tomonidan qamchik dovonidan temir yo‘l qurilishi yoki Poly Technologies Inc rezina-texnika zavodi qurilishini keltirish mumkin.
Oxirgi yillarda Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy hamkoriga aylandi. 1992-yilda o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 47 million dollardan oshmagan bo‘lsa, o‘tgan yil bu ko‘rsatkichk 4,2 milliard dollarga yetdi. Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga 8 milliard dollar sarmoya kiritgan. Ikki mamlakat 2020 yilga qadar o‘zaro savdoni 20 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirishgan.
Ushbu maqsadni amalga oshirishning iloji bor. Shavkat Mirziyoyev ushbu tashrifi davomida 20 milliardlik shartnomalar imzolashi rejalashtirilgan. Bu mablag‘lar ko‘mir, neftkimyo, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi sanoatlarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Bu yerda bir narsani aniq tushunish kerak – O‘zbekiston prezidenti tashrifidan Rossiya yoki Qozog‘istonda bo‘lgani kabi ulkan natijalar kutish kerak emas. O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov Xitoy bilan ochiq siyosat olib borgan. Shuning uchun Mirziyoyev Pekinda ushbu siyosatni tasdiqlab, xitoy sarmoyadorlarini O‘zbekiston iqtisodida faolroq ishtirok etishga taklif qiladi va ular albatta bunga quloq tutadi, chunki Xitoy targ‘ib qilayotgan “Ipak yo‘lining iqtisodiy belbog‘i” strategiyasida O‘rta Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston o‘ta muhim o‘rin egallaydi.