TOShKENT, 10-maya – Sputnik. O‘zbekiston va Xitoy orasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi Rossiya manfaatlariga zid emas deb hisoblaydi rossiyalik ekspertlar. Ularning fikriga ko‘ra, Moskva va Pekinga O‘zbekiston iqtisodining rivojlanishi barobar kerak.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga 11-15 may kunlari davlat tashrifi bilan keladi. Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Pekinda 14-15 may kuni bo‘ lib o‘tadigan “Bitta kamar – bitta yo‘l” iqtisodiy forumida ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.
OAVlar xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi davomida O‘zbekiston va Xitoy umumiy qiymati 20 milliard dollar bo‘lgan shartnomalar imzolashni rejalashtirgan.
Moskva Karnegi markazi rahbari Aleksandr Garbuzovning fikriga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston orasida savdo-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi Rossiya manfaatlariga zid emas.
“O‘zbekiston-Xitoy aloqalarinng rivojlanishi Rossiya manfaatlariga zid emas, aksincha O‘rta Osiyo mamlakatlari iqtisodi qanchalik rivojlansa, aholi radikallashuviga imkoniyat shuncha kam qoladi va xavfsizlik nuqtayi nazaridan ushbu hudud shunchalik tinch bo‘ladi”, — dedi Garbuzov RIA Novostiga.
MDH mamalkatlari instituti O‘rta Osiyo bo‘limi boshlig‘i Andrey Grozin ham O‘zbekistonga kiritilayotgan Rossiya va Xitoy sarmoyalarida farq ko‘rmayapti.
“Bu yerda ichki qarama-qarshilik yo‘q. Aslida Mirziyoyev, pragmatik rahbar sifatida, sarmoyaviy salohiyat borasida Xitoyning imkoniyatlari Rossiyanikidan ko‘ra ancha ko‘p ekanini yaxshi tushunadi. Bu yerad hech qanday siyosiy yoki mafkuraviy sabab yo‘q. Hamma narsa hisob-kitobli”, — dedi ekspert.
Moskva va Pekin O‘zbekiston iqtisodi rivojlanishi hamda mamlakatda ijtimoiy barqarorlik asosi yaratilishidan bir xil manfaatdor.
“Bu oddiy siyosat. Rossiya yoki Xitoy tomonidan va’da berilgan sarmoyalarini bir-biriga qiyoslab o‘tirish – sariq chaqaga arzimaydigan ish", — deydi Grozin.
Ekspert fikriga ko‘ra, Xitoy ham Rossiya ham O‘zbekistonning eng yaqin qo‘shnisi va dunyo kuch markazlaridir. Ushbu markazlar albatta O‘rta Osiyo hududiga, jumladan O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy barqarorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun Moskva ham Pekin ham, hududning aholisi eng ko‘p bo‘lgan respublikasida ijtimoiy barqarorlik saqlanib qolishidan manfaatdor. Iqtisodiy rivojlanish esa — ijtimoiy barqarorlikni saqlab qolishning uslublaridan biridir.
“Yangi ish o‘rinlari yaratish va aholini ishlab chiqarishga jalb qilishda Moskva va Pekin bir-biri bilan raqobat qilmaydi. Bu yerda biz bir maqsad yo‘lida, ya’ni O‘zbekistonda barqarorlikni saqlab qolish uchun, bir yo‘nalishdan boramiz”, — deb qo‘shimcha qildi ekspert.
Grozin aytishiga qaraganda, Xitoy e’lon qilgan Ipak yo‘li iqtisodiy kamari tashabbusida logistika va transport bo‘yicha O‘zbekistonga hududning asosiy mamlakati sifatida qaralmoqda.
“Agar milliy iqtisodga Xitoy kiritgan sarmoyalar miqdorini solishtiradigan bo‘lsak, O‘zbekiston qo‘shni Qozog‘istondan orqada. Xitoy bilan tuzilgan qo‘shma korxonalar soni unchalik ko‘p emas, birgalikda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar soni ham kam. Islom Karimov prezidentilik davrida, Toshkent siyosiy nuqtayi nazardan Pekin bilan hamkorlikka ehtiyotkor munosabatda edi. Respublikaning bugungi rahbari — boshqacha dunyoqarashga ega bo‘lsa ajab emas”, — deb hisoblaydi Grozin.
Ekspert fikriga ko‘ra, Mirziyoyev Xitoydan ham Rossiyadan ham sarmoyalar olishga umidvor. Undan keyin, agar Mirziyoyev Brusselga yoki Vashingtonga borsa, u yerda ham O‘zbekistonga sarmoyalar kiritishni va’da berishadi. Ekspertning bunga ishonchi komil.