TOShKENT, 8-may-Sputnik. 2017-yil 20-aprel kuni O‘zbekiston prezidenti "2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.
Keyingi o‘n yilliklarda sanoat va qishloq xo‘jaligining jadal sur’atda rivojlanishi chuchuk yer osti suvlari holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu esa o‘z navbatida suv zaxiralari hajmining sezilarli darajada qisqarishi hamda suv olish inshootlarining ruxsatsiz qurilishiga, suvni nazoratsiz olish oqibatida esa ayrim manbalarda suv zaxiralarining keskin kamayishi va tugashiga olib keldi.
Ayrim hududlarda yer yuzasidagi suvlarni chiqarib tashlash va drenaj tizimlarining qoniqarsiz holati, yer osti suvlari sathining intensiv ko‘tarilishi, shuningdek, rejali tarzda gidrogeologik monitoring olib borilmagani oqibatida ayrim shaharlar va aholi punktlarida yer osti suvlari sathining yer yuzasiga yaqinlashishi kuzatilmoqda.
Yer osti suvlari monitoringining amaldagi tizimi suv manbalarining ifloslanishiga, yer osti suvlari zaxiralarining kamayishiga va ba’zi aholi punktlarida yer osti suvlari sathining ko‘tarilishiga olib keluvchi salbiy omillarni o‘z vaqtida va to‘laqonli baholash imkonini bermayapti.
Ichimlik suvi taqchil bo‘lgan ayrim hududlarda suvni chuchuklashtirish bo‘yicha zamonaviy qurilmalar yetarli darajada joriy etilmaganini, suvni chuchuklashtirish uchun kerak bo‘ladigan uskuna va qurilmalarni ishlab chiqarish borasida mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganini ham ta’kidlashga to‘g‘ri keladi.
Muammolarni zudlik bilan hal etish zaruratidan kelib chiqqan holda prezident qarori qabul qilindi.
2017 yilning 1-iyulidan boshlab quyidagi tartib joriy etiladi:
— belgilangan tartibda ruxsat olinmasdan, biroq texnik talablarga rioya etilgan holda qazilgan quduqlardan foydalanish tegishli suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilari tomonidan kelgusida belgilangan tartibda foydalanish uchun rasmiylashtirilishi lozim;
— yuridik va jismoniy shaxslarga suv olish uchun quduq qazishga belgilangan tartibda gidrogeologik xulosa berish faqat O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining gidrogeologiya korxonalari tomonidan amalga oshiriladi;
— suv olish uchun quduq qazishga ruxsatnomalar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining davlat ekologik ekspertizasi xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan beriladi.
2017-2021 yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlangan.
Dasturni moliyalashtirish uchun Davlat budjeti, xalqaro moliyaviy institutlar va mahalliy budjetlar mablag‘lari hisobidan 396 milliard so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Qaror mualliflari fikriga ko‘ra, yer osti suvlaridan foydalanishni nazorat qilish va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha samarali mexanizmini joriy etadi. Yer osti chuchuk suvlari zaxiralarini ko‘paytirish bo‘yicha gidrogeologik ishlar samaradorligi oshiriladi.
Qo‘shimcha ravishda 7 ta shahar, 21 ta posolka va 426 ta qishloq aholi punktlarining suv ta’minoti kafolatlanadi. Yer osti suvlarini kuzatish tarmog‘ini yana 1155 ta quduqqa ko‘paytirish va ularda 500 ta zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlar o‘rnatish hisobiga yer osti suvlarining holati ustidan samarali monitoring olib boriladi.
Shuningdek, drenaj quduqlar sonini 715 taga, kuzatish drenaj quduqlari sonini 1369 taga, kollektorlar uzunligini 280 kilometrga ko‘paytirish hisobiga 132 ta shaharlar va tumanlar markazlarida yer osti suvlari sathi ko‘tarilishining oldini olish hisobiga ko‘plab shahar va qishloqlarida aholi yashash sharoitlarini sifat jihatdan yaxshilash imkonini beradi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.