Suv ta’minoti va kanalizatsiya muammosini hal qiluvchi qaror chiqarildi

© AFP 2023 / NICOLAS TUCATStakan s vodoy
Stakan s vodoy - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Mamlakat rahbari qaroriga ko‘ra, ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini yanada rivojlantirish, aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida "Toza ichimlik suvi" jamg‘armasi tashkil etildi

TOShKENT, 22 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturini tasdiqladi.

Hujjatda qayd etilishicha, ayrim mintaqalarni, eng avvalo, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashning bir qancha yechilmagan muammolari hamon saqlanib qolmoqda.

"Aholi sonining muttasil ortib borishi, yangi turar joy massivlari barpo etilishi, shaharlar va aholi punktlarining tobora kengayishi energiya va resurlarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish asosida suv olish inshootlarini, suv quvurlari, nasos stansiyalari, taqsimlash uzellari va vodoprovod tarmoqlarini modernizatsiyalash va ildam rivojlantirishga yo‘naltirilgan kafolatlangan suv ta’minoti tizimini tubdan yaxshilash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishini taqozo etmoqda", — deyiladi hujjatda.

Kuxonniy kran. - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash yaxshilanadigan bo‘ldi

Mazkur vaziyatni o‘zgartirish maqsadida qabul qilingan dastur doirasida 10,2 ming kilometr ichimlik suvi quvurlari va tarmoqlari, 1677 ta suv chiqarish qudug‘i, 1744 ta suv minorasi va rezervuari qurish hamda rekonstruksiya qilish, shuningdek, 1440 dona nasos uskunasini o‘rnatish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, 20 ta ichimlik suvi ta’minoti obyektini qurish va rekonstruksiya qilish, 302 kilometrdan iborat suv o‘tkazish va vodoprovod tarmoqlarini barpo etish bo‘yicha yirik hamda respublika hududlarida 36 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zlanmoqda.

Yana bir muhim jihat shundaki, qarorda "Toza ichimlik suvi" jamg‘armasini tashkil etish nazarda tutilgan bo‘lib, uning mablag‘lari mamlakatda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilishga, respublika aholisi, ayniqsa, qishloq aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Dasturni 2017-2021 yillarda moliyalashtirish uchun 4,8 trillion so‘m, jumladan, davlat budjetidan 2,2 trillion so‘m, xalqaro moliya institutlarining 2,6 trillion so‘m yoki 730,7 million dollar miqdoridagi mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Ushbu qarorning amalga oshirilishi natijasida shahar va tumanlar, qishloq va mahallalarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlari tubdan yaxshilanadi hamda aholini markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti bilan qamrab olish respublika miqyosida 84 foizga, bir qator hududlarda esa 90 foizga yetkaziladi.

Yangiliklar lentasi
0