TOShKENT, 6-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili institutini ta’sis etish to‘g‘risida"gi farmonga imzo chekdi. Farmon matni O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida keltirilgan.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ta’sis etilmoqda. Ushbu institut kelgusida tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari o‘rtasidagi samarali muloqotning yangi mexanizmlarini joriy qilishga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan davlat himoyasining qo‘shimcha kafolatlarini yaratishga xizmat qiladi.
Hujjatga ko‘ra, vakil mazkur sohada davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish, tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalarni bajaradi.
Shuningdek, sohadagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilayotganligini o‘rganish, ularning tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga ta’sirini baholash, tadbirkorlikning huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularning rivojlanishini rag‘batlantirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash vakil faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
Vakil farmonda belgilangan o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi. Vakil O‘zbekiston prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga hisobdor hisoblanadi.
Bu qoida vakilning o‘z faoliyatini faqatgina O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga bo‘ysungan holda amalga oshirishida, tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining har qanday shaklda buzilishiga nisbatan adolat, qonun ustuvorligi hamda tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligi nuqtayi nazaridan xolisona baho berishida, qonun buzilishlarga o‘z vaqtida barham berish uchun qat’iy choralarni ko‘rishida, qonun buzilishlarga yo‘l qo‘ygan barcha mansabdor shaxslar uchun jazoning muqarrarligi prinsipini ta’minlashida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Vakilga o‘z vazifalarini bajarishi uchun qator huquq va vakolatlar berilmoqda. Jumladan, u tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish bo‘yicha qonunchilikning so‘zsiz ijro etilishini o‘rganish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshirishlar amalga oshirilishi qonuniyligining monitoringini olib borish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuv holatlarining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilish yuzasidan takliflar kiritish, davlat organlari va tashkilotlaridan o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha statistik, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa ma’lumotlarni so‘rash va olish huquqiga ega.
Shu bilan birga, vakil davlat organlari va boshqa muassasalar mansabdor shaxslarini yozma ravishda ogohlantirishi, ularga aniqlangan qonun buzilish holatlarini, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritishi mumkinligi ko‘zda tutilgan.
Vakil tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan arizalar va da’volar bilan murojaat qilishi, davlat organlarining tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq yig‘ilishlarida ishtirok etishi mumkin.
Ushbu huquq va vakolatlarning amalda ro‘yobga chiqarilishi sohadagi qonunchilik talablarini tadbirkorlik subyektlari fikrlari, taklif va ehtiyojlaridan, mavjud muammolar, huquqni qo‘llash amaliyotining har tomonlama tahlilidan kelib chiqqan holda, doimiy ravishda takomillashtirib borishga hamda qonun hujjatlari ijrosi samaradorligini oshirish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rishga zamin yaratadi.
Eng muhimi, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning, shu jumladan, har xil asossiz tekshiruvlar o‘tkazish yo‘li bilan aralashuvlarning zudlik bilan barham berilishiga, ularning huquq va qonuniy manfaatlari buzilishining har qanday shaklining oldini olish uchun samarali choralar ko‘rilishiga, tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini tiklash, shu jumladan, sud orqali tiklash mexanizmlaridan unumli foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Ushbu hujjatda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida"gi Qonuni loyihasini ishlab chiqish belgilangan.
Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning hayotga tatbiq etilishi tadbirkorlik subyektlari manfaatlari ustuvorligini amalda ta’minlash, davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida samarali muloqotni mustahkamlash, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini rag‘batlantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini biror-bir shaklda buzish holatlariga barham berish imkoniyatini yaratadi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.