Kichik tadbirkorlarga bankdan kredit olish osonlashdi

© Pixabay / antonin77Kelishuv
Kelishuv - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Fond kichik tadbirkorlik subyektlariga beriladigan bank kreditlarining garov bilan ta’minlanmagan qismi uchun kreditning 50 foizigacha ta’minot ajratadi

TOShKENT, 16 fev — Sputnik. Prezidentning qarori bilan O‘zbekistonda Kichik tadbirkorlikni rivojlantirish kafolat fondi tashkil etildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Aksiyadorlik jamiyati ko‘rinishidagi mazkur fondning asosiy ta’sischisi Raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bo‘lib, Banklar assotsiatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi hamda qator yirik banklar va sug‘urta kompaniyalari aksionerlar qatoridan joy olgan.

"Bugungi kunda kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan bank kreditini olishda mavjud bo‘lgan asosiy qiyinchiliklardan biri bu garov ta’minotini yetarli darajada ta’minlash bo‘lib, bu hol ayrim tadbirkorlar uchun bank kreditlaridan foydalanish imkoniyatini cheklamoqda", — deyiladi xabarda.

Kafolat fondi tadbirkorlarga ushbu masalada yaqindan yordam berishi ko‘zda tutilgan. Fond kichik tadbirkorlik subyektlariga beriladigan, umumiy summasi 100 ming AQSh dollaridan oshmaydigan bank kreditlarining garov bilan ta’minlanmagan qismi uchun kreditning 50 foizigacha ta’minot ajratadi.

Kafolat fondi bundan tashqari, kichik tadbirkorlik subyektlariga kredit olish bo‘yicha maslahatlar beradi hamda yuqori texnologik va innovatsion ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashadi.

Yangiliklar lentasi
0