TOShKENT, 27 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyati olib borayotgan biznes subyektlari uchun keng imtiyozlar taqdim etdi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Davlat rahbarining qaroriga ko‘ra, ushbu ikki mintaqada ro‘yxatdan o‘tgan va tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan yuridik shaxslar o‘zlari ishlab chiqarayotgan sanoat tovarlarini eksport qilish qismida valyuta tushumini majburiy sotishdan ozod etiladi. Bundan O‘zbekiston prezidentining "Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" 1997-yil 10-oktabrdagi Farmoni 2-ilovasiga kiritilgan xom ashyo tovarlari mustasnodir.
Bundan tashqari, prezident qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan, farmatsevtika tovarlari va preparatlari, elektrotexnika mahsulotlari (kabel-o‘tkazgich mahsulotlaridan tashqari), shuningdek, pardozlash qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar 2017-yilning 1-aprelidan 2022-yilning 1-yanvarigacha bo‘lgan davrda mulk solig‘i, yer solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etildi.
O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi tegishli vazirlik va muassasalar bilan birgalikda 2017-yilning 1-apreligacha qarorda nazarda tutilgan soliq imtiyozlari tatbiq etiladigan farmatsevtika mahsulotlari va preparatlari, elektrotexnika mahsulotlari, shuningdek, pardozlash qurilish materiallariga taalluqli bo‘lgan mahsulotlarning aniq ro‘yxatini ishlab chiqishi va tasdiqlashi lozim.