Odatiy bahorgi faollik
Mutaxassisning aytishicha, Markaziy Osiyo seysmik faol hududlardan bo‘lib, bu hududda har doim zilzilalar bo‘lib kelgan.
"3 may kuni bo‘lgan zilzila bizning hududda nisbatan tez-tez uchrab turadigan odatiy zilzilalar qatoriga kiradi. Zilzila markazi esa Markaziy Osiyodagi eng faol seysmik joy bo‘lib, eng kuchli zilzila sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan hudud hisoblanadi. Aynan mana shu hududda 1949-yilda, 1954-yilda kuchli zilzilalar bo‘lgan. Hozirgi zilzila ulardan ancha kuchsiz", deydi Ulfat Nurmatov.
Seysmik hududlarda zilzila sodir bo‘ladigan ma’lum bir faol davrlar bo‘ladi. 11-yillik, 22-yillik, 44-yillik davrlar deyiladi. Bundan tashqari, bahor davrida seysmik faollik kuzatiladi. Bahorda yer sharida faollik davri boshlanadi. Tabiiy o‘zgarishlar ham ta’sir ko‘rsatadi. Oldin yuz bergan zilzilalar ham asosan bahorda yuz bergan.
Aslida Markaziy Osiyo hududida har hafta 5tadn 15tagacha past magnitudali zilzilalar yuz beradi. Biz bularni sezmaganimiz uchun anchadan beri zilzila bo‘lmayotgandi, birdan boshlanib ketdi deb o‘ylaymiz.
Bu oddiy navbatdagi seysmik faollik natijasi. Yer silkinishining ketma-ket sodir bo‘lishi sababi esa, aftershok deb ataluvchi jarayon oqibati. Kuchli zilziladan keyin uning "dumi" bo‘ladi, bir necha oy-yilgacha uning kuchi silkinib-silkinib pasayib boradi, keyin so‘nib ketadi.
Bombalar ixtiro qilinishidan oldin ham yer qimirlagan
Aprel oyi o‘rtalarida AQSh tomonidan Afg‘onistonga tashlangan bombaning hozirgi zilzilalarga qanchalik aloqasi borligi haqida esa mutaxassis quyidagicha fikr bildirdi.
Bir paytlar olimlar yadro portlashlarining ta’sirini o‘rganishgan, Markaziy Osiyoda zilzilalarga yadro sinovlari sabab bo‘ladi degan fikrlar ham bo‘lgan.
Lekin eng qizig‘i, bombalar ixtiro qilinmasdan turib, bir necha asrlar ilgari ham hududimizda zilzilalar sodir bo‘lib kelgan. Shunday ekan, bunday fikr noto‘g‘ri. Afg‘onistonga tashlangan bombaning yer silkinishiga ta’siri bor deyish uchun asos yo‘q.
Mazkur hudud Pomir tog‘ tizimi va Tan-Shan tog‘ tizimi to‘qnashgan joy. Hindiston plitasi bilan Yevroosiyo plitasi bir-biri bilan to‘qnashib zilzila keltirib chiqaradi. Qadim o‘tmishda ham bu yerda zilzilalar bo‘lib turgan.
Vahimaga hojat yo‘q
Tez-tez yuz berayotgan zilzilalar O‘zbekiston uchun qay darajada ta’sirli? Bu savolga mutaxassis shunday javob berdi:
O‘zbekistonning seysmik salohiyati zilzila epimarkaziga nisbatan ancha past. O‘zbekistonda bo‘lishi mumkin maksimal zilzila kuchi Rixter shkalasi bo‘yicha 6,5dan oshmaydi.
O‘zbekistonda binolar qurilishida har bir joyning seysmik holati o‘rganilib, qanday yer silkinish qanday ta’sir ko‘rsatishi hisobga olinib xaritalar tuzib beriladi. Ana shu xaritalar asosida loyihalar tayyorlanadi.
Hozirgi vaqtda inshotlarimiz juda mustahkam qilib qurilmoqda. Texnik loyihaga rioya qilingan holda qurilgan binolarimiz 9 balldan ortiq zilzilaga bardosh bera oladi.
Shunday ekan, vahimaga hojat yo‘q.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.