TOShKENT, 23 fev — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi "2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida"gi qarori O‘zbekiston aholisining yashash sharoitlarini yanada yaxshilashda yangi bosqichni boshlab berdi, deb yozgan "Jahon" AA.
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shular xususida so‘z yuritildi, deb yozadi nashr.
"Barcha uylarning seysmik jihatdan zilzilabardoshligi 7-8 ballga mo‘ljallangan, — degan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Asomiddin Tojiyev. — Buning uchun loyihalarda temirbeton bog‘lamalar, devorlar kesishish burchaklarini bo‘ylama va ko‘ndalang armokarkaslar bilan mustahkamlash kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratilgan".
Loyihalarda kanalizatsiya tizimi alohida chiqindixonaga ulanishiga e’tibor qaratilgan. Suv ta’minoti qiyin bo‘lgan hududlarda esa har bir xonadonga alohida qo‘shimcha zaruriy binolar quriladi.
Qishloq joylarda arzon uy-joylarni qurishda talabgorlarni tanlab olish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarni dastlabki tanlash bo‘yicha tizimning ochiqligi va ishonchliligi tamoyilidan kelib chiqib amalga oshiriladi.