TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Rossiya tez orada milliy haydovchilik guvohnomasi asosida ishlayotgan migrantlarga nisbatan qoidalarni qat’iylashtirmoqchi. Sputnik O‘zbekiston muxbiri bu haqda o‘zbek migrantlari qanday fikrda ekanligi bilan qiziqdi
Taqiq haqida
Dastlab shu yilning 1-iyulidan migrantlarga milliy haydovchilik guvohnomasi asosida haydovchilik qilishni to‘liq taqiqlash rejalashtirilgandi. Ammo yaqinda davlat dumasi ushbu taqiqni bir yilga ortga surish haqida yangi qonun loyihasini tayyorlayotgani haqida xabar paydo bo‘ldi. Buning sababi nimada ekanligi RFning ichki ishi, lekin Rossiyada ishlayotgan o‘zbeklar hozircha bundan quvonishga shoshilishmayapti.
Sababi oddiy — Qozon, Novosibirsk, Krasnodar, Samara va Moskvada marshrut va oddiy taksi hamda turli transport kompaniyalarida haydovchilik bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonliklar bu jarayon besh yil oldin boshlangani va u haydovchilarning malakasizligi emas, balki migrantlarga nisbatan salbiy munosabat natijasi ekanligini ta’kidlashdi.
"Bu holatni migrantlarni transport sohasidan asta-sekinlik bilan siqib chiqarish deyish mumkin. Hozircha bunga faqatgina kompaniyalar xo‘jayinlari qarshilik qilishmoqda, chunki ularga migrantlarni ishga olish foydaliroq. Ular rossiyaliklardan farqli ravishda ish sharoitlari borasida talabchan emas. Masalan, men va sherigim sutkalab taksichilik qilganmiz, bu yerda oilamiz yo‘q, shu ishimizdan boshqa shug‘ullanadigan narsamiz yo‘q. Rossiyaliklarning esa oilalari bor. Buning ustiga, ish beruvchi mahalliy aholiga nisbatan migrantga ko‘proq bosim o‘tkaza oladi, chunki biz huquqiy jihatdan zaif himoyalanganmiz", — deydi Rossiyaning bir necha shaharlarida haydovchilik qilgan Alisher.
Uning aytishicha, bu taqiqda migrantlarni doimiy ravishda irkit va savodsiz deb ko‘rsatgan Rossiya OAVlarining ta’siri katta.
"Hozirda qator OAV faol yozayotgan Markaziy Osiyo fuqarolaridan iborat jinoiy guruhlar haqidagi barcha seriallar uydirma", — deya suhbatga qo‘shiladi Vohid.
"To‘g‘ri, migrantlar orasida har xil odamlar bor. Yaxshisi ham, yomoni ham. Lekin afsuski, Rossiyadagi shaharliklar uchun biz hammamiz xuddi biror narsani o‘g‘irlab ketishni mo‘ljallab yurgan jinoyatchidek ko‘rinamiz. Endi esa oxirgi vaqtda sodir bo‘lgan teraktlardan so‘ng hammamizni terrorchi deb e’lon qilishdi. Rossiyaliklarga ularni marshrutkada manzillariga eltib qo‘yishimiz, yuklarini tashishimiz yoqmaydi, o‘zlari esa bu ishda ishlashmaydi, ular uchun bu og‘ir va maoshi kam ish hisoblanadi", — deydi u.
Novosibirskda ishlaydigan Javlonning aytishicha, aksariyat rossiyaliklar uchun har qanday migrant qandaydir ma’noda aybdor.
"Bir voqea bo‘lgandi, marshrut haydovchisi yo‘lovchiga qo‘pol muomala qildi. Ertasiga "kelgindi"ni urgani bir to‘p bo‘lib kelishdi, keyin ma’lum bo‘lishicha, u shu yerlik kishi ekan. Migrantlar uchun asosiy muammo til masalasi, madaniyatga keladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda izzat-hurmat, ayniqsa kattalarga hurmat qat’iy qoidaga aylangan", — deydi u.
O‘zgacha fikr
Barcha migrantlarning fikri bir joydan chiqmagani ham bor gap. Bu taqiqni qo‘llab-quvvatlaydiganlar ham topiladi. Ularning fikricha, transport tizimida ishlayotgan migrantlarning ko‘pchiligi o‘zlarini xuddi uylaridagidek tutishadi, ya’ni qoidalarga amal qilishmaydi.
"To‘g‘risini aytsam, O‘zbekistonda qoidalar Rossiyadagichalik qat’iy emas. Yo‘l harakati qoidalari mavjud, jarimalar ham yuqori. Ammo bizda qayerdadir qoidani buzish mumkin, qayerdadir amal qilish kerak degan fikr shakllangan. Gaichilar hamma joyni nazorat qila olishmaydi-da. Bizda masalan, yo‘lning o‘rtasida ham mashinani burib ketishaveradi. Rossiyada esa bu borada talab qat’iy", — deydi Xurshid.
Uning aytishicha, u Rossiya shaharlarida yo‘l harakati qoidalarini buzgan, avariya holatini sodir etgan ko‘plab migrantlarga duch kelgan.
"Shunday haydovchilardan voz kechish kerak, ularni deb barcha migrantlar yomonotliqqa chiqadi. Shuningdek, duch kelgan kishini sinovlarsiz ishga olaveradigan kompaniyalar egalarida ham ayb bor. Ular uchun asosiysi migrant bu pulni tejash, keyin nima bo‘lishi ularni qiziqtirmaydi", — deydi u.
Amalda
Norozilik va turli fikrlarga qaramasdan, aksariyat migrantlar Rossiya haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirishga tayyorliklarini bildirishdi. Ularning fikricha, buni pul evaziga qilish mumkin, bu haqda transport kompaniyalarining egalari aytishibdi.
Yana bir muhim jihat esa agar davlat dumasi taqiqni bir yilga kechiktirsa, bu o‘zbekistonliklar uchun ijobiy rol o‘ynaydi. Chunki mamlakatda 2017-yilning 1-oktabridan yangi haydovchilik guvohnomalari berila boshlanadi. O‘zbekistonliklar avval yangi guvohnomani oladilar, so‘ngra RF guvohnomasi uchun imtihon topshiradilar.
Toshkent shahar IIB YHXB matbuot xizmatining Sputnik muxbiriga ma’lum qilishicha, yangi guvohnomalarni xalqaro deb atash noto‘g‘ri.
"Bu avvalo milliy haydovchilik guvohnomasi bo‘lib, barcha xalqaro qoidalarga javob beradi. Shuning uchun ushbu guvohnoma egasi dunyoning deyarli istalgan mamlakatida mashina minishi mumkin. Ilgarigi guvohnoma xalqaro qoidalarning barcha talablariga javob bermagani bois yangi haydovchilik guvohnomasi joriy etilmoqda. Yangi guvohnomani olishda muammo bo‘lmaydi, uni bir soat ichida olish mumkin bo‘ladi", — dedi YHXB matbuot xizmati.
Xullas, mazkur taqiq haqida nafaqat rossiyaliklar, balki migrantlarning o‘zlari ham turli fikrda. O‘zbekistonliklar Rossiya hukumatining bu tashabbusiga hozircha ehtiyotkorona yondashmoqdalar. Ular kutishni ma’qul ko‘rishmoqda.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.