TOShKENT, 21 apr — Sputnik. 14-aprel kuni Toshkent shahridagi Xalqaro matbuot klubida o‘tkazilgan ochiq muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 7-aprel kuni Stokgolm shahrida qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etgan va Shvetsiya huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olingan Rahmat Oqilov O‘zbekiston fuqarosi ekani haqida aytdi. "Jahon" AA xabari asosida.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari g‘arblik sheriklarga R.Oqilovning qonunga qarshi harakatlari haqida xabar berilgani, biroq shunga qaramay, so‘nggi voqealar unga qarshi hech qanday choralar qo‘llanilmaganini namoyon etishini ta’kidladi.
Stokgolmdagi qo‘poruvchilik harakati so‘nggi vaqtlarda turli mamlakatlarda sodir etilayotgan mudhish voqealar sonini davom ettirdi. Atigi bir necha oy davomida Buyuk Britaniya, Germaniya, Misr, Rossiya, Turkiya, Shvetsiya kabi davlatlarda yirik dahshatli hodisalar sodir etildi, Iroq, Pokiston, Suriya, Afg‘onistonda, Afrika davlatlarida muntazam takrorlanib kelayotgan qo‘poruvchilik harakatlari haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Ayni paytda ushbu aksiyalar Yevropaning xavfsizlik tizimida jiddiy bo‘shliqning mavjudligini ko‘rsatdi va buning uchun begunoh odamlarning qurbonligi badal bo‘ldi.
Bunday "uslub"ni sal oldinroq Nissa, Berlin, London shaharlarida ko‘rgandik, endi esa, Stokgolmda sodir bo‘ldi. Terrorning geografiyasi kengaymoqda, qo‘llayotgan usullari vahshiylashmoqda, jinoyatchilar esa, qonunsizlikdan maroqlanib, o‘zlarini behayo va surbetlarcha tutishmoqda.
Shubhasiz, bu kabi shov-shuvga sabab bo‘lgan voqealar vaqtida ommaviy axborot vositalarida "g‘ala-g‘ovur” ko‘tariladi, sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan turli fikrlar va taxminiy qarashlar paydo bo‘la boshlaydi. Xolis xususiyatga ega maqolalar bilan bir qatorda, ayrim o‘zlarini ekspert deb atovchi odamlarning soxta tahliliy mulohazalari e’lon qilinadi. Shu kabi holni Stokgolm voqealari munosabati bilan ham kuzatamiz: ba’zi jurnalistlar bu singari fojeadan millat va dinga nisbatan aniq maqsadga yo‘naltirilgan xurujlarni amalga oshirishda foydalanishadi.
Yaqinda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida sodir etilgan xunrezlikdan keyin musulmonlarning an’anaviy kiyimida va soqolini o‘stirgan holda yurgan Rossiya fuqarosi Andrey Nikitin videokuzatuv kameralari tasmasiga tushgani va shu onning o‘zida birinchi raqamli shubhali shaxsga aylangani haqidagi taajublanarli holatni eslaylik. Shov-shuv ko‘tarishni o‘ziga shior qilib olgan ayrim ommaviy axborot vositalari barcha tafsilotlarni sinchiklab o‘rganishga ulgurmagan bo‘lsada, o‘sha paytdayoq A.Nikitinning suratini terrorchi degan dahshatli yorliq bilan ko‘p nusxada tarqatib yubordi. Bu ham yetmagandek, u ushbu to‘fonning qurboni bo‘ldi. Axborot bo‘ronining.
O‘zbekiston, OAVning vahimali da’volariga qaramay, mas’uliyatli pallada bosiqlik va vazminlikni saqladi. Qachonki barcha tafsilotlar aniqlanib bo‘lganidan so‘ng, Tashqi ishlar vazirligi rahbari A.Komilovning batafsil, tasdiqlangan ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan bayonoti e’lon qilindi.
Rahmat Oqilov, aniqlanishicha, O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan, g‘arbdagi sheriklar esa, uning qonunbuzarlik harakatlaridan xabardor bo‘lishgan. Ushbu dalilga, afsuski, qo‘poruvchilik harakatlari tashkilotchilarining etnik, diniy va hududiy mansubligiga e’tibor qaratishni o‘zlaricha muhim deb hisoblovchi ayrim ommaviy axborot vositalari tomonidan mensilmagan holda, e’tiborsizlik bilan qaralmoqda.
Ulkan taassuf bilan aytish mumkinki, bugun terrorchilarning nishoniga aylangan ko‘plab davlatlar o‘zlarining "ochiq eshiklar" siyosati samaralarini pasaytiradilar. Ular faoliyatining mohiyati o‘nlab yillar davomida turarjoy so‘rab murojaat qilganlarning, jumladan, o‘zbekistonliklarning shaxsiga e’tibor qilmasdan, zarur bo‘lgan o‘rganish jarayonisiz, hatto ularning shubhali o‘tmishi haqidagi ma’lumotlarni mensimasdan boshpana berish bilan cheklangan.
Natijada muhojir ko‘rinishida bo‘lgan go‘yoki "siyosiy qochoq"lar ushbu davlatlarda radikal oqimlarning vakillariga aylanadi, yoki, Oqilovga o‘xshab, o‘sha guruhlarga ixlos qo‘yganlar bo‘lib chiqadi. Ular o‘z vatanlarida huquqni muhofaza qilish organlarining kuzatuvlari doirasiga tushgan bo‘ladi, biroq sudlovdan qochib xorijiy davlatga ketishni ma’qul ko‘rishadi.
Shubha ostiga olinganlarni ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovlar aksariyat hollarda pisand qilinmadi, ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqiruvlar esa, ko‘pmadaniyatlilik siyosatini "zaiflashtirish"ga urinish, deb qabul qilindi.
Shak-shubhasiz, bugun zulmkorlik harakatlarida ayblanayotganlar bir kunda terrorchiga aylanishgani yo‘q. Ular odamlarni faqatgina diniy emas, yana boshqa maqsadlarga yo‘naltirilgan mutaassiblik g‘oyalari bilan manqurtlashtirishning butun boshli tizimi yo‘lga qo‘yilgan davlatlarda "ongni tozalash" jarayonlarini boshlaridan kechirishgan.
Ular qat’iy jur’atga ega bo‘lishgani holda, o‘z rahnamolarining ishorasi bilan qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishga tayyor bo‘lgan "uyquda" deb ataluvchi bo‘limchalarni tuzib, oilalari va maslakdoshlari bilan birga asosan Yevropa davlatlarining poytaxtlarida qulay o‘rnashib olishgan. Mazkur guruhlar tomonidan "muhojirlar xilvatxonalari" deb yuritiluvchi joylarda yashovchi yoshlar orasida faol tashviqot ishlari olib borilgan, ushbu davlatlarning hukumatlari esa, ajoyib kunlarning birida muhojirlar shubhali o‘tmishlari bilan xayrlashib, ko‘pmadaniyatlilik g‘oyalariga singib ketishadi, deya xato xulosa qilganlari holda, ushbu an’analarga e’tibor qaratmaslikni ma’qul ko‘rishdi. Axir, uyda ilonni saqlab, u menga hujum qilmaydi, deya ko‘r-ko‘rona umid qilish mumkin emasku!
O‘zbekistonda esa, ta’kidlab o‘tamizki, yosh avlod ongida radikal oqimlarning ta’sirlariga qarshi immunitetni oshirish, jamoat tartibini muhofaza qilish, davlat chegaralarini har tomonlama mustahkamlash borasidagi chora-tadbirlar orqali diniy ekstremizm g’oyalarining tarqalishi yo‘llariga barqaror to‘siq qo‘yilgan. Bu hukumat va tegishli tuzilmalar tomonidan olib borilgan sermashaqqat mehnatlarning natijasi emasmi? O‘zlari nima deyishayotganlarini o‘ylab ko‘rmagan holda, ba’zi bir qalam sohiblari O‘zbekistonni butun dunyoga tahdid soluvchilar yetishib chiqadigan davlat sifatida ko‘rsatishga urinishmoqda. Bunday munosabat nafaqat mamlakatni obro‘sizlantiradi, balki xorijiy sarmoyadorlar va biznes sheriklarni cho‘chitadi.
Barcha oqil odamlarga yaxshi ma’lumki, biron bir din begunoh odamlar hayotiga suiqasd qilishni yoqlamaydi. Bu ayniqsa, nomining o‘zi tinchlik ma’nosini anglatuvchi Islom diniga tegishlidir. U odamlarning e’tiqodi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ularning hayotlariga va mulklariga g‘amxo‘rona munosabatda bo‘lishga chaqiradi, shuning uchun kimki ushbu din niqobi ostida zo‘ravonlik bilan shug‘ullansa, uning maqsadi ham, usullari ham Islom dini asoslariga ko‘ra oqlanishi mumkin emas.
Darhaqiqat, terrorizm — millat va chegara bilmas yovuzlikdir va mutlaqo hech kim undan zarar kshrish kafolatlanmagan. Biroq global tahdidga qarshi yagona, birlashgan kuch bilan kurashish o‘rniga ba’zan ayrim ommaviy axborot vositalari va ekspertlarning ham "xizmat"lari tufayli bizning dunyomizda etnik-diniy alomatlar ostidagi tarqoqliklar davom etmoqda. Bu esa jinoyatchilarning tegirmonlariga suv quymoqda va xalqaro hamjamiyatning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha shakllangan poydevorini barbod qilmoqda.