TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Shu yilning 4-5 aprel kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga rasmiy safari chog‘ida istiqbolli investitsiya loyihalari va ularni amalga oshirish rejalari ham muhokama qilindi. Ular orasida uchta investitsiya bitimi bevosita O‘zbekiston banklariga tegishlidir.
O‘zbekiston markaziy banki O‘zbekiston va Rossiya banklari o‘rtasida qanday bitimlar imzolanganligi haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki va Vneshekonombank
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy Milliy banki (TIF MB) va Tashqi iqtisodiy faoliyat va taraqqiyot banki (Vneshekonombank) davlat korporatsiyasi hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladilar.
Moliya institutlari istiqbolli investitsiya loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish, shu jumladan infratuzilma va sanoat obyektlarini barpo etish, yuqori texnologiya va eksportni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlaridagi loyihalarni baholashga kelishib oldilar.
Banklar bu sira loyihalarni moliyalashtirish uchun 500 mln AQSh dollarigacha yoki uning boshqa valyutadagi ekvivalentida taqdim etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadilar. Mablag‘larni taqdim etish muddatlari har bir loyiha bo‘yicha aniqlanadi va ular 15-yildan ko‘pga cho‘zilmasligi lozim.
Bundan tashqari, savdoni moliyalash va ular bo‘yicha tuzilgan bitimlarni milliy valyutalarda amalga oshirishni birgalikda o‘rganish; moliya bozorlarida hamkorlik qilish; bank texnologiyalari va xizmatlari sohasida ilg‘or tajribalarni keng yoyish ko‘zda tutilmoqda.
TIF Milliy bank va Vneshekonombank 2005-yildan buyon ikki tomonlama va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi Banklararo birlashma kengashi liniyasida hamkorlik qilib keladi.
Moskvada TIF Milliy bankining Aziya Invest Bank shu’ba banki faoliyat ko‘rsatadi.
"Asaka" banki — Gazprombank va Rossiya eksport markazi
O‘zbekistonning yana bir yirik banki — "Asaka" bank neft-gaz va ximiya, tog‘-kon va metallurgiya sanoati sohalaridagi investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha Gazprombank va Rossiya eksport markazi (REM) o‘rtasida ramkali bitim imzolandi.
Uch yilga mo‘ljallab tuzilgan bitimdan kutilgan asosiy maqsad har ikki mamlakat kompaniyalarining texnologik va bozor mavqeyini yanada rivojlantirish va kuchaytirishga ko‘maklashish, ularning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirish uchun uzoq muddatli rag‘batlantirish tizimini yaratish, shuningdek, neft-gaz, tog‘-kon va metallurgiya sohalarini rivojlantirish masalalarida yakdil mavqeni shakllantirishdan iborat.
Hujjatda O‘zbekistonda bir qancha hamkorlik loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Xususan, Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksida ishlab chiqarilayotgan tozalangan metan bazasida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasi Gazprombank tomonidan moliyalashtiriladi. Bunga Gazprombank guruhidagi "Kriogenmash" AJ ishlab chiqarish kompaniyasining havo ajratuvchi kompleksi qurilmasi eksportini moliyalashtirish ham kiritildi.
Bitimda Gazprombank tomonidan Toshkent viloyatida ishlab chiqarish quvvati yiliga 500 ming tonnani tashkil etadigan metallurgiya zavodi qurilishi loyihasini moliyalashtirish rejalashtirilgan. Buning uchun 280 mln yevro ajratiladi. Zavod qurilishi joriy yilda boshlanib, 2019-yilda foydalanishga topshiriladi.
Mazkur loyihani amalga oshirish amalda respublikamizning metall mahsulotlarga bo‘lgan import talabini keskin qisqartiradi. Bundan tashqari, bitim doirasida 2017-2021 yillarda tog‘-kon sanoati ehtiyoji uchun umumiy qiymati kamida 155 mln dollarga teng 44 ta zarur ekskavator olib kelinadi.
Bitimda ko‘zda tutilgan loyihalarni moliyalashtirish REM guruhiga kiruvchi kompaniyalar tomonidan sug‘urta qilinadi.
"Oriyent Finans" bank va Gazprombank
"Oriyent Finans" xususiy aksiyadorlik banki Gazprombank bilan O‘zbekiston oziq-ovqat sanoatidagi investitsiya loyihalarni kreditlash bo‘yicha ramkali hamkorlik bitimini tuzdi.
2019 yil 1-martiga qadar amal qiladigan ushbu bitimda respublika hududida oziq-ovqat sanoatiga tegishli umumiy qiymati 25 mln AQSh dollar bo‘lgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlari ko‘zda tutilgan.