TOShKENT, 10 apr — Sputnik. Xalq deputatlari Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari tomonidan shu yilning 1-9 aprel kunlari mazkur tumanda hududni rivojlantirishning eng muhim vazifalarini hal etishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga doir o‘tkazilgan o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘rganishlar yakuni tumanda hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolar talayligini ko‘rsatib berdi. Jumladan, tumanda 2017-yilning 1-aprel holatiga ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik subyektlari soni 857 ta bo‘lib, shundan 97 tasi turli sabablarga ko‘ra ishlamayapti. Oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, hunarmandchilikni rivojlantirish, fermer va dehqon xo‘jaliklari yerlaridan oqilona foydalanish yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Bugungi kunda tumanda atigi 6 nafar oilaviy tadbirkor va 36 nafar hunarmand faoliyat yuritmoqda, xolos.
Tuman hududidagi 4 ta dehqon bozori, 1 ta universal bozor va dehqon bozori tarkibida 2 ta dehqon bozori va 2 ta hayvon bozorlari faoliyati bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermaydi. Avtoturargohlar mavjud emas. Pul tushumlari mexnazmlari to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan, bozor tashqarisi va ichida savdogarlar mustaqil tarzda rastalar o‘rnatib, yo‘llarga chiqib ketgan.
Tumanda fuqarolarni ishga joylashtirish borasida ham jiddiy muammolar ko‘zga tashlangan. Ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ishchi komissiyasi faoliyati talab darajasida emas. Bandlikka ko‘maklashish markazi mas’ul xodimlarining ishsizlikni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rmaganligi oqibatida bandlik dasturi ijrosi to‘laqonli bajarilmagan.
O‘rganish davomida sog‘liqni saqlash tizimida kadrlar taqchilligi bilan bog‘liq muammolar borligi aniqlandi. Aksariyat qishloq vrachlik punktlarida umumiy amaliyot shifokorlari yetishmaydi. Umuman olganda, hozirgi vaqtda tibbiyot muassasalarida 134 vrach-mutaxassis, shu jumladan 50 nafar umumiy amaliyot shifokoriga ehtiyoj mavjud.
Shuningdek, tahlil davomida maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, kasb-hunar kollejlaridagi mavjud holat, qishloqlarda tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasiga oid og‘riqli holatlar, dorixonalardagi narx-navo, aholini toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini to‘laqonli qondirish bo‘yicha haqli e’tirozlar, avtomobil yo‘llarining sifati, aholiga transport xizmati ko‘rsatishning ayanchli darajasi singari muammolar oshkora o‘rtaga tashlandi.
Sessiyada qatnashgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev so‘zga chiqib, tumandagi barcha darajadagi mutasaddilar va deputatlarning mas’uliyatini oshirish, xalqning tinchligi hamda salomatligini ta’minlash yo‘lida fidoyilik ko‘rsatish, ta’lim, ayniqsa maktabgacha ta’lim muassasalariga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, harbiy xizmatdan qaytgan yoshlarni ishga joylashtirish, aholi murojaatlari va ular tomonidan ko‘tarilayotgan har qanday masalaga aslo beparvo bo‘lmaslik lozimligini ta’kidlagan.