TOShKENT, 4 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining "Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan Davlat raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmalari rahbarlariga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘rildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Hay’at yig‘ilishi davomida qaror talablarining ijrosini ta’minlashda yetarli darajada mas’uliyat bilan yondashmagan hududiy boshqarmalar rahbarlariga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘rildi.
Yig‘ilishda avval xususiylashtirilgan obyektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kadastr, soliq, statistika va Markaziy bank boshqarmalari bilan o‘zaro o‘z vaqtida hamda to‘liq almashinuvini yo‘lga qo‘yish, bo‘sh turgan va investitsiya loyihalari hali ishlab chiqilmagan obyektlar negizida samarali loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan tadbirkorlar va tijorat banklari bilan yanada yaqinroq hamkorlik qilish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.