TOShKENT, 10 apr – Sputnik. Aprel boshida e’lon qilingan, O‘zbekiston prezidentining "Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroridan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonda umumiy, majburiy tibbiy sug‘urta tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Soha mutaxassislari va vazirliklar tomonidan ishlab chiqlayotgan “Tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi yangi qonunda, aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatishning yangicha tartibi belgilangan bo‘ladi. Xususan, qonunda quyidagi islohotlarni tadbiq qilish rejalashtirilmoqda:
- Tibbiy sug‘urta sohasida fuqaro va tibbiy muassasa orasidagi munosabatlar tartibini belgilash;
- Tibbiy sug‘urta tizimi har bir fuqaroni qamrab olishini ta’minlash;
- Tibbiy va profilaktik xizmatlarga barcha fuqarolarning teng huquqlarini belgilash;
- Sug‘urta polisiga asosan yuqori sifatli tibbiy xizmatni kafolatlangan tartibda ko‘rsatilishini ta’minlash;
- Majburiy tibbiy sug‘urta fondi tashkil qilish va imtiyozlar berish tartibini belgilash;
- Xususiy tibbiy muassasalari tomonidan aholining kam ta’minlangan qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilash.
“Tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasi 2017-yilning oktabr oyiga qadar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi muhokamasiga qo‘yish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda Umumiy majburiy tibbiy sug‘urta tizimi dunyoning barcha rivojlangan mamlakatlarida amal qilmoqda. Rossiyaning alohida hududlarida shunday tizim 1996-yildan boshlab kirtila boshlagan va 2007-yilda butun mamlakatni qamrab olgan.