TOShKENT, 29 mar — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy davlat konchilik institutiga tashrif buyurdi. Bu yerda Auminzo-Amantoy oltin konlari negizida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 5-gidrometallurgiya zavodi qurilishining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati.
Shavkat Mirziyoyev yangi gidrometallurgiya zavodi ulkan iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Mirziyoyev Auminzo-Amantoy oltin konlarida o‘zlashtirishni boshlash uchun ramziy tugmani bosdi. Tadbirni videokonferensiya orqali Tomdi tumanida, 5-gidrometallurgiya zavodi bunyod etiladigan hududda kuzatib turgan kombinat mutaxassislari konni portlatdi.
2017-2026-yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 27 loyiha amalga oshiriladi. Qiymati 3 milliard 63 million dollar bo‘lgan mazkur loyihalar natijasida kombinatning ishlab chiqarish quvvati 30 foizga ortadi. Qo‘shimcha 31 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.