TOShKENT, 25 mar — Sputnik. Oiladagi nosog‘lom muhit 19 yoshli yigitni diniy oqimlarga boshladi, deb xabar qildi "Zarafshon" nashri.
"Chet elga borib, ishlab pul topishni maqsad qilgan ayrim yoshlar birovlarning yolg‘on va’dalariga uchib, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishi holatlarini tahlil qilganimizda narpaylik Xudoyqul Mahammadiyevniki kabi oiladagi nobop tarbiya, ota-onaning bir-biriga mehrsizligi, ro‘zg‘ordagi yetishmovchilik kabi sabablarni topgandek bo‘lamiz", — deyilgan maqolada.
Boshsiz qolgan oila…
Nashrda yozilishicha, Xudoyqulning onasi Oliya Rahimova endigina 40 yoshdan oshgan, uch farzandning onasi. Xudoyqul oilada to‘ng‘ich farzand. Oila boshlig‘i — Tolib Omonov 10-yillar burun Rossiyaga ketib, oilasidan xabar olmay qo‘ygan. Dastlab ro‘zg‘origa pul yuborib turgan bo‘lsa-da, keyinchalik turli sabablarni ro‘kach qilib, telefon ham qilmagan, ancha yillar undan darak bo‘lmagan.
Bir-ikki tanishi "Turkiyaga borsangiz, ayollarga yaxshigina haq to‘laydi", deb maslahat bergach, Oliya uch farzandini erining singlisiga ishonib topshirib, xorijga yo‘l oladi. Dugonalaridan biri yordami bilan turk fuqarolarining uyiga enaga bo‘lib ishga joylashadi.
Onaning qat’iyatsizligi
Xudoyqul ulg‘aydi, ukalari ham maktabga qatnay boshladi. U Kattaqo‘rg‘on shahridagi akademik litseyni bitirib, Navoiy davlat universitetiga hujjat topshirdi. Ammo test sinovlaridan o‘ta olmagach, onasiga qo‘ng‘iroq qilib, uning yoniga – Turkiyaga borishga qaror qildi.
Ekstremistlar uchun "tayyor o‘lja"
Xudoyqul poyabzal fabrikasida o‘zi bilan birga ishlaydigan diniy ekstremistik tashkilot vakili turkmanistonlik Xamroz degan yigit bilan tanishdi. Uning "g‘amxo‘rligi" va taklifi bilan Xamroz, Normo‘min, Muhriddin to‘rtalasi birga yashay boshladi.
Ekstremistik va terroristik tashkilotlarni dunyoning barcha musulmon davlatlarida, xususan, O‘zbekistonda ham shariat qonun-qoidalariga asoslangan yagona "xalifalik" davlatini barpo etish, ushbu g‘oyalarga qarshi chiqqanlarni "islom dushmani" deb e’lon qilib, ularga qarshi siyosiy va qurolli kurash olib borish to‘g‘risidagi qarashlari Xudoyqulning ongu tafakkurini butkul zaharladi.
Institut o‘rniga aqidaparastlardan olingan ta’lim
Xamrozning yordamida Istanbul shahrida xufiyona faoliyat yuritib kelayotgan "Jihodchilar" diniy ekstremistik oqimi vakili, andijonlik Najmiddin va Bahodir bilan tanishdi. Andijonlik yigitlar da’vati bilan Istanbuldagi masjidlarga diniy ta’lim olish maqsadida qatnay boshladi.
Hatto u 2014 yilning oxiri, 2015-yilning boshlarida jihodga, hijratga qiziqib, Suriyaga ketmoqchi, musulmonlarga yordam bermoqchi(!) bo‘ldi.
So‘nggi pushaymon
"Ongu tafakkurim butkul zaharlanib bo‘lgandi, – deydi Xudoyqul. – Bunday qarorga kelishimga ijara uydagi hamxonalarim, diniy ekstremistlarning jirkanch da’vatlari, uydirmalari sabab bo‘ldi. Bugun esa qattiq pushaymondaman. Men singari o‘nlab o‘zbekistonlik yigitlar ana shunday ta’sirga tushib qolishdi".
Xudoyqul besh yildan ko‘proq muddat diniy ekstremistik tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan. 2015-yil dekabr oyida uning faoliyatiga huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan nuqta qo‘yildi. Oqibatda u sud hukmi bilan yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.