TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. Samarqand viloyati Poyariq tumanida yashovchi, kelajakda “Islom davlati”ga qo‘shilishni rejalashtirayotgan, ekstremistlar guruhiga sud hukmi o‘qildi.
Sputnik muxbiri olgan xabariga ko‘ra, Poyariq tumanida yashovchi Azizxon Nosirov va uning sherigi Ravshan Po‘latov, Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan “Abdullo” ismli shaxsdan ichida ekstremistik materiallar bo‘lgan elektron axborot manbasi oladi. Keyin ular atrofdagilardan shariat qonun-qoidalariga amal qilishni talab qila boshlaydi.
“Gashtak” o‘tkazish bahonasida ular Sardor Saidaliyev, Muzaffarxon Maxmudov, Hasan Po‘lotov va Kamola Abdullayevalarni o‘z uylariga taklif qilishadi. U yerda ular birgalikda radikal ekstremizm g‘oyalarini o‘rganish va targ‘ib qilish bilan shug‘ullanishadi. Shu bilan bir vaqtda ular Suriya huduiga borib “Islom davlati” terrorchilik tashkilotiga qo‘shilish rejasini tuzishadi.
“Buning uchun yuqorida aytib o‘tilgan shaxslar doimiy ravishda Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali “Muazo” ismli shaxsning targ‘ibotlarini tinglashadi. “Muazo” “Islom davlati” jangarilarni rag‘batlantirib turuvchi va ular bilan birga jang qilayotgan shaxslardan biridir”, — dedi sud vakili.
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi o‘tkazgan tadbirlar natijasida guruhning jinoiy faoliyati to‘xtatiladi. Maxsus xizmat xodimlari ularning turar joyidan ko‘p miqdorda ekstremistik adabiyotlar va O‘rta Osiyo hamda O‘zbekiston hududida islom davlati tashkil qilish mazmunidagi targ‘ibotlar saqlanayotgan elektron axborot vositalari topishadi.
Sudda ayblanuvchilar o‘z ayblariga to‘liq iqror bo‘lishdi. Ko‘rib chiqilgan ish yuzasidan guruh a’zolariga 6-yildan 9-yilgacha qamoq jazosi belgilandi. Kamola Abdullayeva bo‘lsa – ikki yil shartli qamoq jazosi oldi.