TOShKENT, 19 okt — Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi Suriyada ID jangarilari safida janglarda qatnashishni rejalashtirgan Kattaqo‘rg‘on tumanilik ikki fuqaroga nisbatan hukm chiqardi.
Mamaniyoz Rasulov va Farhod Xudoyberdiyev Vladivostokda ishlab yurgan paytlarida diniy-ekstremistik tashkilot a’zolariga aylanishadi. Ular Vladivostokdagi masjidda qirg‘izistonlik "Abduhakim" va "Sardor"larning ta’siriga tushib qolishadi.
"Yuqoridagi shaxslarning rahbarligi ostida Rasulov va Xudoyberdiyev Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolaridan tashkil topgan "jihodchilar" tarkibida radikal ekstremizm va terrorizm g‘oyalarini o‘rganish hamda targ‘ibot qilish bilan shug‘ullanishadi. Ular internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali Suriya va boshqa davlatlardagi ekstremistlarning jangovar harakatlari tasvirlangan roliklarni tomosha qilishadi", — dedi huquq-tartibot tizimi vakili.
Keyinchalik ular qurol va portlovchi moddalardan amalda foydalanish maqsadida Suriyadagi ID terrorchilik guruhi safiga borib qo‘shilishni rejalashtirishadi.
Har ikki shaxs qo‘lga olinganida ularning yonidan ekstremistik adabiyotlar va Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekistonda islom davlati qurish zarurligi haqidagi da’vatlar yozilgan elektron axborot tashuvchilari topildi.
Sudda ayblanuvchilar o‘z ayblariga to‘liq iqror bo‘lishdi. Rasulov 9-yilga, Xudoyberdiyev 8-yilga ozodlikdan mahrum etildi.