TOShKENT, 12 mar — Sputnik. "Bugun sahifam orqali yaqin fursatda “Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” nomli hujjatli film tomoshabinlar e’tiboriga havola etilishini ma’lum qilmoqchiman. Mazkur film turmush o‘rtog‘im hamda kaminaning kinoproduser sifatidagi ilk loyihamizdir", — deb xabar qilgan Lola Karimova o‘zining Feysbukdagi sahifasida.
"Bu ulug‘ inson haqida film yaratish g‘oyasi menda ko‘p yillar avval paydo bo‘lgan. Ta’bir joiz bo‘lsa, Mirzo Ulug‘bek shaxsi meni bolalagimdan o‘ziga maftun etgan. U nainki qomusiy bilimlar egasi, yetuk olim va sulhparvar hukmdor, o‘z davri uchun favqulodda sanalgan xislatlar sohibi ham edi. Sirasini aytganda, Ulug‘bek zamon va makon sarhadlarini oshib o‘tgan umrboqiy siymodir.
Mirzo Ulug‘bek nomi dunyo ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Galileo Galiley, Kopernik, Djoanas Kepler kabi buyuk allomalar bilan bir qatorda turadi. Samarqand uning hukmronligi davrida astronomiya sohasida ilg‘or tadqiqotlar o‘tkaziladigan xalqaro markazga aylandi. Ulug‘bek bunyod ettirgan muazzam rasadxonada o‘z davrning yetuk olimu fuzalolari jam bo‘lgan edi.
Alloma tartib bergan yulduzlar jadvalida 1118 ta yulduzning holati va joylashuvi mufassal bayon etilgan. U hisoblab chiqqan yil uzunligi natijalari esa zamonaviy hisob-kitobidan atigi 25 soniyaga farqlanadi. Buyuk olim, shuningdek, Yer sayyorasi o‘qining og‘ish burchagi 23,52 gradusni tashkil etishini aniqladi, ushbu ilmiy natija ham hozirga qadar eng aniq ko‘rsatkich deya e’tirof etiladi. Ulug‘bek tomonidan yaratilgan yulduzli osmon xaritasi esa dengizchilar harakatlanishida XIX asrga qadar foydalanilgan.
Film ssenariysini hozirlash asnosida ko‘p va xo‘b izlanib, bobokalonimiz hayotini tavallud topgan kezlaridan boshlab qayta tiklashga harakat qildik.
Amir Temurning nabirasi bo‘lmish Mirzo Ulug‘bek bobosi shafeligida o‘z davrining peshqadam olimlardan saboq olganini ta’kidlashni istardim. Davlatning qudrati eng avvalo ma’rifatda deb bilgan Sohibqiron nuridiydasi bo‘lmish Ulug‘bekning ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratgan. Bu esa uning odil shoh va yetuk olim sifatida shakllanishiga xizmat qilgan.
Film rejissori Bahodir Yuldoshev bilan ko‘p yillardan beri tanishmiz. Unga filmni suratga olish xususida gap ochganimda taklifimni mamnuniyat bilan qabul qildi. Ko‘z ochib yumguncha buyuk olim va hukmdor yashagan davrga sho‘ng‘ib ketdi.
Filmda Fransiya, AQSh, Rossiya, O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Daniya va Niderlandiyaning yetakchi olim va mutaxassislari Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyati xususidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi. Kinokartinani yaratishda Bodlian kutubxonasi (Oksford universiteti), Britaniya muzeyi, Priston universiteti, Griffit rasadxonasi, Fransiyaning Observatoire de la Cote d’Azur Côte rasadxonasi, Kaliforniya universiteti, Daniyaning The David Collection muzeyi, Oksfordning Ilm-fan tarixi muzeyi, Oksfordning St. John’s kolledji kabi o‘quv yurtlari, muzey va kutubxonalarning bisotidan foydalanildi.
Chet ellik olimlarning aksari aynan Mirzo Ulug‘bek siymosi sabab mamlakatimizga mehr qo‘yganini e’tirof etgan.
Film janr nuqtayi nazaridan hujjatli sanalsa-da, unda badiiy vositalardan ham foydalandik. Syomka jarayoniga o‘zbekistonlik va qozog‘istonlik kaskadorlarni jalb qildik, o‘sha davrga mos tarixiy liboslarni tanlash va tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratdik.
Hollivudning "Titanik", "Olovuddin", "Gerkules" kabi filmlarga musiqa bastalagan mashhur kompozitori Uolter Afanasyev kartinamiz uchun maxsus musiqa yozdi.
Benazir xonanda Sevara Nazarxon ijrosidagi saundtrek esa filmga o‘zgacha joziba baxsh etdi.
Film premyerasi haqida keyinroq ma’lum qilamiz", — deb o‘z postiga yakun yasagan Lola Karimova.