TOShKENT, 19 dek – Sputnik. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qizi Lola Karimova-Tillyayeva Xalqaro olimpiya qo‘mitasining mukofotiga sazovor bo‘ldi. U bu haqda o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar qildi.
"Men sportda gender tenglikni ilgari surishga qo‘shgan hissam uchun Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan "Ayollar va sport" diplomi bilan taqdirlanganimdan nihoyatda xursandman va faxrlanaman", deb yozadi u.
Lola Karimova-Tillyayeva Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Baxga minnnatdorlik bildirgan hamda o‘zbekistonlik sportchi ayollarning muvaffaqiyatlari haqida so‘z yuritgan.
"Sportni xotin-qizlar orasida ommalashtirish maqsadida amalga oshirayotgan ishlarimizga shunday yuqori baho berilgani uchun Xalqaro olimpiya qo‘mitasi va uning prezidenti Tomas Baxga o‘z minnatdorligimni izhor etmoqchiman.
Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlamoq lozimki, bugungi kunda o‘nlab o‘zbekistonlik sportchi ayollar yirik xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, O‘zbekiston sportining xalqaro miqyosidagi nufuzini yanada oshirishga o‘zlarining ulkan hissalarini qo‘shmoqdalar.
Gimnastika federatsiyamiz tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakatlar o‘zbek sportining rivojiga xizmat qilib, sportchilarimizning kelajakdagi g‘alabalari uchun zamin yaratishiga ishonaman", deb yozadi Lola Karimova-Tillyayeva.
Lola Karimova-Tillyayeva O‘zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakili, "Sen yolg‘iz emassan" xayriya fondi va Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi raisi, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti hisoblanadi.