"Bombilalik" kimlargadir daromad, davlat uchun - buromad

Obuna bo‘lish
Yo‘lovchi tashish xizmatiga talab barcha hududda yil sayin oshib bormoqda. Lekin yo‘lovchi tashish korxonalari va avtotransportlar soni yil sayin kamaymoqda

TOShKENT, 27 fev — Sputnik. Noqonuniy kirakashlik kimlargadir daromad, davlat uchun — buromad. Viloyatda 2015-yilda 3300 yo‘nalishli taksi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 1732 ta. To‘g‘ri, Samarqand shahrida avtobuslar sonining oshirilayotgani buning o‘rnini qoplar. Ammo bir qator tumanlarda yo‘nalishli taksilar soni qisqarib ketgani yetmaganday, avtobuslar qatnovi ham, yo‘nalishsiz taksilar faoliyati ham deyarli mavjud emas, deb yozadi "Zarafshon" nashri.

Taksi - Sputnik O‘zbekiston
Samarqandlik "bombilalar" hech kimdan qo‘rqmasligini aytishadi - OAV
Ikki yil oldin Urgutda yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilar soni 560 ta bo‘lib, tumandagi yo‘lovchi tashish korxonalari soni o‘nga yaqin edi. Ayni vaqtda esa bunday avtotransportlar soni 80 ta, xolos. Yo‘lovchi tashish korxonalarining yarmidan ko‘pi yopilib ketdi. 2015-yil tashkil etilgan ayrim avtobus yo‘nalishlarining taqdiri ham xuddi shunday yakunlandi. Savol tug‘iladi, ahvol shunday ekan, aholining jamoat transporti va taksiga bo‘lgan ehtiyoji qanday qondirilmoqda?

"Bu holat deyarli barcha tumanlarda mavjud, – deydi "Samarqandtrans" markazi mutaxassisi Ergash Murodov. – Shahar va tumanlar, xususan, chekka hududlarda yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish uchun bizga mahalliy hokimliklarning tegishli tartibdagi murojaatining o‘zi kifoya. Ana shunday murojaatlar asosida har yili aholi ehtiyojidan kelib chiqib, yangi avtobus yo‘nalishlari ochilmoqda".

Ammo afsuski, ayrim hududlarda yo‘nalishlar yana tugatilmoqda. Bulardan eng birinchisi bu chekka hududlardagi avtomobil yo‘llarining sifatsizligidir. Shavkat Mirziyoyevning yaqinda qabul qilingan "Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ham yo‘l qoplamalarini birinchi navbatda qishloq joylarda yaxshilash ko‘zda tutilgani bejizga emas.

Yo‘lda olib borilayotgan ta’mirlash ishlari - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda endi o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar bo‘lmaydi - Mirziyoyev farmoni
Ikkinchi va eng og‘riqli muammolardan biri bu – noqonuniy tarzda yo‘lovchi tashuvchilarning ko‘payib borayotgani. Bunday holat yo‘lovchilar oldida hech qanday majburiyatga ega bo‘lmagan, biror bir yo‘lovchi tashish korxonasida ro‘yxatdan o‘tmagan taksilar hamda tegishli tartibda litsenziyaga ega bo‘lgan, xavfsizlik qoidalariga amal qilib kelayotgan, oylik to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirayotgan yo‘lovchi tashuvchilar o‘rtasidagi nohalol raqobatni yuzaga keltirmoqda.

Darhaqiqat, hozirgi paytda birgina Past Darg‘om tumanida litsenziyaga ega yo‘nalishli taksilarning o‘zi 400 tadan ortiq bo‘lgani holda boshqa ko‘pgina tumanlarda jami yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilarning soni barmoq bilan sanarli yoki umuman mavjud emas. Holbuki, boshqa tumanlarda ham xuddi shu xizmatdan aholi foydalanyapti.

"Endi tasavvur qiling, mutaxassisning bildirishicha, bitta tumanda ayni vaqtda taxminan 500 tadan 1000 tagacha taksi noqonuniy tarzda faoliyat ko‘rsatayapti. Agar 500 ta hisoblagan taqdirimizda ham 16 ta tuman, shaharda 8000 nafar litsenziyasiz haydovchi bor. Agar ularning har biri kuniga o‘rtacha 50 ming so‘mlik xizmat ko‘rsatsa, kuniga 400 million so‘m naqd pul noqonuniy aylanayotgani oydinlashadi. Bir oyda esa bu mablag‘ 12 milliard 500 million so‘mni tashkil etadi. Umuman, aholiga transport xizmati ko‘rsatishni to‘liq qonuniylashtirsak, yaratiladigan ish o‘rinlarining o‘zi 8000 tadan oshadi. Ularga xizmat ko‘rsatuvchi yo‘lovchi tashish korxonalari soni ham o‘n-yigirma baravarga ortadi. Eng muhimi, aholiga sifatli va kafolatlangan xizmat ko‘rsatiladi.

Yuqoridagi huquqiy hujjatda 2018-yil 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda viloyatlar markazlarida shahar yo‘lovchilar tashish transportida yo‘lkira uchun naqd pulsiz haq to‘lash tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu muddatga qadar yo‘lovchi tashishni to‘liq naqdsiz shaklga o‘tkazish uchun tabiiyki, hozirdan tayyorgarlikni amalga oshirish lozim.

Avtobus - Sputnik O‘zbekiston
Nukusda avtobus va yo‘nalishli taksilar uchun jetonlar chiqariladi
Samarqand shahrida yo‘nalishsiz taksilarda terminal bo‘lishi shartligi o‘tgan yiliyoq majburiy etib belgilangan edi. Ammo oradan shuncha vaqt o‘tdi hamki, buning ijrosini ko‘rmayapmiz. Aslida bugungi kunda terminal o‘rnatilmagan taksiga litsenziya berilmaydi. Unday bo‘lsa, qanday qilib terminalsiz taksilar bemalol faoliyat ko‘rsatayapti deya "Samarqandtrans" markaziga murojaat qilganimizda "Ayni vaqtda shahardagi taksilarning 80 %i terminalga ega. Ammo ko‘pchilik haydovchilar uni ishlatmayapti", degan javobni oldik.

Darhaqiqat, bir necha taksi haydovchilari bilan suhbatlashganimizda plastik karta orqali hisob-kitob qilish ortiqcha vaqtni olishini bildirishdi. Ammo bu bahona qoidabuzarlikka asos bo‘lishi to‘g‘rimikan? Qolaversa, taksida yo‘lovchilarga yakka holda xizmat ko‘rsatiladi. Nega unda ayni vaqtda viloyatimizda jamoat transporti, aniqrog‘i Payariq – Shohizinda yo‘nalishidagi 12 ta avtobusda yo‘lovchilarga terminal asosida muammosiz xizmat ko‘rsatilmoqda?

"Bizning yo‘nalishga sinov maqsadida "Samarqandtrans" markazi tomonidan terminal o‘rnatildi, – deydi "Zilola O‘ktam qizi" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli Payariq – Shohizinda yo‘nalishi avtobusi haydovchisi Xurshid Otaboyev. – Hozircha hech qanday muammo yuzaga kelgani yo‘q. Yo‘lovchilar ham xizmatimizdan mamnun. Yaqinda o‘quvchilarga ham qulaylik yaratish maqsadida yo‘nalishimiz Payariq tibbiyot kollejigacha uzaytirib berildi".

Ko‘rinib turibdiki, qoidalarni hurmat qilgan korxona naqdsiz hisob-kitob asosida ham xizmat ko‘rsatsa bo‘ladi. Qolaversa, yo‘lovchi tashishda ushbu qulaylikning yaratilishi o‘z-o‘zidan noqonuniy yo‘lovchi tashuvchilar faoliyatiga barham berishi mumkin.

Chunki terminal ishlatish uchun avvalo, litsenziya olish kerak.

O‘zbekiston avtosanoati - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston avtosanoatining kechasi, buguni va ertasi
Demak, viloyatda aholiga transport xizmati ko‘rsatishda hali talay muammolar mavjud. Muhimi, endilikda ularga barham berishning mexanizmi mavjud. Darvoqe, viloyatimizda 2017-2021 yillarga qadar chekka hududlarda 26 ta yangi avtobus yo‘nalishlari qo‘yilishi, 17 ta avtostansiyalar qurilishi rejalashtirilmoqda.

Ayni vaqtda viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan maxsus ishchi guruh barcha tuman va shaharlardagi yo‘llarning ahvoli, transport va yo‘nalishlar, bekatlar va stansiyalarga ehtiyoj bo‘yicha o‘rganish o‘tkazmoqda. Yo‘lovchi tashish tizimini rivojlantirishda ushbu ma’lumotlar, aholining talab va ehtiyojlari, mahalliy hokimliklarning takliflari ham inobatga olinadi, deb o‘z maqolasiga yakun yasagan nashr muxbiri Anvar Mustafaqulov.

Yangiliklar lentasi
0