TOShKENT, 16 fev — Sputnik. O‘zbekistonda aholi soni bo‘yicha 2 o‘rinda turadigan, besh yuz mingdan ortiq odam yashaydigan ko‘hna Samarqand aholisi qishi bilan gaz yo‘qligidan, gaz bosimi pastligidan qiynalib chiqqani yetmaganidek, ayni kunlarda "Samarqandshahargaz"dan 4-5 million so‘m qarz yozilgan kvitansiyalar olishdi. Bu haqida jurnalist Anvar Mustafaqulovning va kun.uz da chop etilgan maqolasini keltiramiz.
Muallif Samarqand gaz ta’minot idoralarida bo‘lib yuzlab norozi iste’molchilarni uchratgan. Ularning aksariyati olingan qarzdorlik kvitansiyalari bo‘yicha ma’lumot olish uchun kelgan ekan. So‘rab surishtirganda, ko‘pchillikning qarzi yaqinda o‘tkazilgan xatlov natijasida kelib chiqqani aniqlangan.
Tan olish kerak, bajarilgan xizmatlar haqi to‘lanmagan hollarda bu ta’minlovchi tashkilot uchun katta muammolar tug‘diradi va butun tizimga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Elektr va gazni to‘lovlarini bir necha yil to‘lamay yuradigan fuqarolar ham bor.
Lekin nahot, shuncha odam yillar davomida gaz uchun pul to‘lamagan bo‘lsa? Nega xatlovdan so‘ng deyarli barcha iste’molchi qarzdorga aylandi? Nega xatlov natijalaridan norozi bo‘lib kelganlar birorta savolga ham javob ola olmayapti?
Ko‘pchillikdan faqat bir gapni eshitasiz: «Har oy to‘lov amalga oshiraman, nega meni qarzdor qilishdi?»
Qizig‘i shundaki, bir necha yildan beri mahallaga gaz yetib kelmay, gaz quvuri xonadonidan rasman uzib tashlanganiga bir necha yil bo‘lgan o‘nlab iste’molchilar ham falon pul qarz deb xat olishgan.
"Mahallamizda tabiiy gaz bosimi pasayib aksariyat xonadonlarga umuman kelmay qo‘yganiga ancha bo‘ldi, — deydi Samarqand shahridagi Abdurahmon Jomiy mahallasida yashovchi Nasim Tursunov. — Yo‘q gazga qarz bo‘lmaslik uchun 2014-yilda bir qator xonadonlar qatori men ham individual holda o‘z xonadonimni tarmoqdan uzdirdim. Ammo bugun tabiiy gazdan 4 000 000 so‘m qarz ekanimni ma’lum qilishdi. Holbuki men 2013-yil oktabr oyida hisob-kitobni amalga oshirib, qarzdorlikni "0" qilib, bu haqda ma’lumotnoma ham olgan edim. Agar tabiiy gaz berilgan taqdirda ham olti oyda shuncha qarz bo‘lish aqlga sig‘maydi-ku?!" — deb jig‘abiyron bo‘ladi, 20 kundan beri sarson bo‘lib yurgan iste’molchi.
Ushbu mahalla raisi Baxtiyor Akobirovning aytishicha xuddi shunday muammo mahalladagi bir necha xonadon boshiga tushgan. "Samarqandshahargaz" kutilmaganda o‘nlab halol oilani "muttahamga" chiqargan.
"10 yildan beri mahallada gazning o‘zi yo‘q-ku?", degan gapni hech kim eshitmaydi.
Qarzdorlik nohaq deb murojaat qilayotganlarga esa, gaz quvurlari va hisoblagichni boshqatdan nazoratdan o‘tkazib, biror aybini topib ikki baravar qarz yozmoqda.
Samarqand shahridagi Ahadova ko‘chasida istiqomat qiluvchi Mahbuba Karimovaning, murojaatini qanday bo‘lsa shundayligicha keltiramiz.
«Uyimizda ikki dona tabiiy gaz nuqtasi bor, — deydi M.Karimova. — Har oylik maoshimdan avtomatik tarzda to‘lov amalga oshiraman, qizim ham xuddi shu tarzda to‘lov qiladi. Ammo yaqinda meni 4 800 000 so‘m qarzdor qilishdi. Axir, qayerdan buncha qarz bo‘lishim mumkin? Hisoblagichga qaraganda ortig‘i bilan to‘lab kelyapmanku. Uyimizga gazta’minot idoralari xodimlari kelishdi, ortiqcha nuqta yo‘qligini ko‘rishdi, «hisoblagichingiz qiyoslovdan o‘tkazilmagandir» deyishdi, ko‘rsatdim, o‘tgan yili qiyoslovdan o‘tkazganmiz.
Hisoblagichni ko‘zdan kechirgach, «plomba buzilgan» deb turib olishdi. Eng alam qiladigani, shundan bor yo‘g‘i o‘n daqiqa oldin turmush o‘rtog‘im plombalar butligini ko‘zdan kechirib, «Nazoratchilar kelsa plombalarga ehtiyot bo‘lgin» deya tayinlab ketgan edi. Farrosh bo‘lib ishlayman. Ikki yuz ellik ming so‘mdan ziyodroq maosh olaman. Nohaq 4 800 000 so‘m qarzdan qachon, qanday qutula olaman. Ochiq oydin, yuzsizlarcha nohaq qarz yozayotganlarga chora bormi? Meni ahvolim nima kechadi?»
Yana bir og‘riqli masala. Budjet tashkilotlarida ishlayotgan xodimlar, xususan, o‘qituvchilarning kommunal xizmatlar uchun o‘z maoshidan oyma-oy to‘lov qilib borishlarini hamma biladi. Tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun eng ko‘p to‘lov hoynahoy, shu kasb xodimlari tomonidan qilinar. Ammo sun’iy qarzdorlikdan azob chekayotganlar ham aynan o‘qituvchilar ekani — nihoyatda achinarli hol.
Kasb-hunar kollejlarida "qarzdor" o‘qituvchilaridan qarzi yo‘qligi haqida gazta’minot idorasidan ma’lumotnoma keltirish yoki bo‘lmasa ish haqining uchdan bir qismini tabiiy gaz to‘loviga yo‘naltirish talabini qo‘yilmoqda. Afsuski, qarzi bo‘lmasa-da, bunday ma’lumotni olishning hech qanday imkoni yo‘q.
Shunday qilib, tabiiy gazdan sun’iy qarzdorlik qo‘rqinchli darajaga yetdi. Bunga ishonmagan odam «Samarqandshahargaz» filialiga borib ahvolni tushunishi, guvoh bo‘lishi mumkin. Ammo, savol hali beri savolligicha qoladiganga o‘xshaydi: «Qarz qayerdan kelmoqda?»