TOShKENT, 30 sen – Sputnik. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida "O‘ztransgaz" kompaniyasining hududiy va tuman bo‘linmalariga tabiiy gazning sizib chiqishini bartaraf etish va gaz uskunalarini ta’mirlash uchun ariza berish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu haqda Yagona portalning yangiliklar bo‘limida xabar berilgan.
"Tabiiy gazning sizib chiqish holati yuzaga kelganda, tabiiy gaz ta’minoti muassasi mutaxassisi uni bartaraf etish so‘rovi tushgandan so‘ng, zudlik bilan tegishli ishlarni amalga oshirish uchun voqea joyiga tashrif buyuradi. Gaz uskunalarini ta’mirlash ishlarini o‘tkazish uchun mutaxassisning tashrifi bir ish kunida amalga oshiriladi", — deyiladi Yagona portal xabarida.
Xabarda aytilishicha, gaz uskunalarini mutaxassis tomonidan ta’mirlanishi to‘lov asosida kelishilgan narxda yoki tasdiqlangan preyskurantga muvofiq amalga oshiriladi. O‘z navbatida, tabiiy gazning sizib chiqishini bartaraf etish esa mutaxassis tomonidan bepul amalga oshiriladi.
"Yagona portal foydalanuvchilaridan elektron ariza jo‘natish vaqtida qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi", — deyiladi portal xabarida.
O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali 2013-yilda tashkil etilgan bo‘lib, foydalanuvchilarga davlat organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish, davlat organlariga murojaat qilinganda foydalanuvchilar uchun burokratik to‘siqlarni qisqartirish va ularni bartaraf etish hamda interaktiv davlat xizmatlari olishda foydalanuvchining shart-sharoitlarini rivojlantirish va imkoniyatlarini kengaytirish uchun mo‘ljallangan.