TOShKENT, 13 fev — Sputnik. Qozog‘iston ichki ishlar vaziri Kalmuxanbet Kasimov bayonotiga ko‘ra 2017-yilning yanvar, fevral oylari davomida Qozog‘istonda 63 ta «o‘lim guruhlari»ga jalb etish va 15 ta bola o‘z sog‘lig‘iga shikast yetkizish holatlari aniqlangan, Sputnik Qozog‘iston xabariga asosan.
OAVda «o‘lim guruhlari» deb nom olgan bunday guruhlar odatda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib asosan maktab yoshidagi bolalarni jalb qiladi. Guruhlar tajribali psixiologlar tomonidan boshqarib boriladi.
Kasimov Qozog‘istonda faoliyat yuritgan ana shunday guruhlardan ikkitasining nomini tilga oldi: “Ko‘k kit” (Siniy kit) va “Tinch uy” (Tixiy dom). Ushbu guruhlar o‘z faoliyatini o‘yin sifatida olib borgan. Guruh a’zolari turli topshiriqlar bajarib uni videoga olishi va guruhda namoyish qilishlari kerak bo‘lgan.
Masalan, tez ketayotgan avtomobil oldidan so‘nggi damda yugurib o‘tish kabi… Internetda haydovchilar bir necha bor shunday voqeaning guvohi bo‘lishgan ekan. Bu o‘yinlarda bosqichma-bosqich “topshiriqlar” murakkablashtirib boriladi va eng oxirgi topshiriq o‘z joniga qasd qilish bo‘lar ekan.
Vazir xabariga ko‘ra “o‘lim guruhlari” bilan kurashishda ma’lum qiyinchiliklar bor, chunki guruh boshlovchilarining ko‘pi chet eldan turib faoliyat yuritmoqda. Jumladan, «VKontakte» Rossiyada, Facebook va Instagram esa AQShda joylashgan.
Ayni damda Qozog‘iston IIV tomonidan ularni texnik blokirovka qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. O‘tgan yil davomida Qozog‘iston huquqni saqlash organlari tomonidan ushbu kabi jinoyatlar uchun 44 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, 16 nafar bola qurbon bo‘lgan.
Biz oldin ham Rossiyaning ning turli shaharlarida kamida 15 nafar o‘smirning umiriga zomin bo‘lgan xuddi shunday guruh aniqlanganini xabar bergan edik. Ushbu voqealardan keyin mutaxassislar ota-onalarga o‘z farzanlariga nisbatan yanada e’tiborli bo‘lishga da’vat qilishmoqda.
Mutaxassis maslahati
Hozirgi texnik taraqqiyot zamonda xavf-xatar kutilmagan tuynuklardan kirib kelmoqda. Yoshligida kompyuter o‘ynamay, internet nimaligini bilmay katta bo‘lgan ota-onalar bugungi kunda Internetda qanday xavf-xatar yashiringani tasavvur ham qila olmaydi.
O‘zi kun uzun ishda, bolasi esa qo‘lida telefon bilan yoki kompyuter yonida yolg‘iz qolsa, xoxlagan saytiga kirishi, xoxlagan guruhlarga a’zo bo‘lishi mumkin.
O‘z farzandini ana shunday xavflardan asrash uchun ota-ona uning smartfon va planshetida qanday o‘yinlar o‘ynayotganini, ijtimoiy tarmoqlarda kim bilan muloqot qilayotganidan xabardor bo‘lib turish o‘ta mumhim.
Eng yaxshisi, bolani imkon qadar ko‘proq mashg‘ulotlar bilan band qilish kerak-ki,
Eng yomoni, farzandining ishonchini yo‘qotish va undan uzoqlashib ketish. Buni oldini olish uchun ota-ona ko‘proq bolaning hayotida ishtirok etishi kerak, u bilan birga shug‘ullanishi, uning maktabda, to‘garakdagi muvaffaqiyatlari bilan qiziqishi va kerak bo‘lganda maslahat berib turishi — o‘ta muhim.
Har qanday o‘smir ham tezroq katta bo‘lib “jiddiy” ishlar bilan shug‘ullanishga oshiqadi. Shunday vaqtda u ijtimoiy tarmoqlarda turli g‘alamislarga duch kelishi mumkin. “Nosog‘lom ma’naviyatli” guruhga a’zo bo‘lgan bolaning fe’l atvori tezda o‘zgaradi. U kamgap va odamovi bo‘lib qolishi, kun uzun uyda o‘trishi, o‘zining doimiy o‘rtoqlari va sinfdoshlaridan ajralib butunlay yangi tanishlari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishi, oila a’zolari bilan kam muloqot qilib, sal narsaga jahli chiqadigan bo‘lib qolishi mumkin.
Bunday hollarda, eng asosiysi, ota-ona har lahza, har qadamda farzandidan boxabar bo‘lib turishi kerak. Bolaning noqonuniy faoliyat yurituvchi guruhga a’zo bo‘lgani aniqlansa, darhol huquqni saqlash organlariga xabar qilishi shart. Shunda u o‘z farzandini va boshqa biroving bolasini hayotini ham saqlab qolishi mumkin…