TOShKENT, 6 fev — Sputnik. O‘tgan haftada O‘zbekiston prezidenti "Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekdi. Mazkur hujjat naqd pul va plastik kartalar vositasida to‘lov tizimidagi muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan.
O‘zbekistonliklar uchun ushbu qaror nimalar beradi va mamlakat banklari qarorni bajarish imkoniyatiga egami? Sputnik O‘zbekiston muxbiri ushbu savollarga javob izladi.
Yaxshi bo‘lsin deyishgandi…
Moliya tizimi va iste’molchilar uchun plastik kartalarni joriy etishning qanchalik samarali ekanligi haqida ortiqcha gapirishning hojati yo‘q. Cho‘ntak va hamonni qappaytirib pul olib yurmaysiz, o‘g‘rilardan ham qo‘shimcha himoyaga egasiz, soliq tushumlaridan tashqari iqtisodiyotdagi moliyaviy jarayonlar ham shaffof bo‘ladi. 2004-yilda mazkur dastur ana shunday yaxshi niyatlar bilan ishga tushirilgandi.
Lekin faqatgina niyatning o‘zi kamlik qiladi va plastik kartalar muomalaga kiritilganidan ikki yil o‘tgach muammolar yuzaga kela boshladi. Budjet tashkilotlari xodimlariga "plastik" olish uchun shartnomalarni imzolatishdi, natijada oylik maoshlarining 40dan 100%gachasi kartaga tushadigan bo‘ldi.
Tez orada pensionerlar ham ixtiyoriy-majburiy ravishda plastik karta egalariga aylanishdi. Maoshi yoki pensiyasini elektron pul shaklida olgan, lekin do‘konlarda to‘lov terminali yo‘qligi uchun bu pullarni ishlato olmagan kishilarni ko‘z oldingizga keltiring.
Oradan ikki yil o‘tib vaziyatni barqarorlashtirishga erishildi: deyarli barcha oziq-ovqat magazinlarida terminallar paydo bo‘ldi, lekin boshqa muammo bor edi. Sharqda azaldan aksariyat aholi bozorda xarid qiladi, chunki bu yerda savdolashib narxni tushirish mumkin va mahsulotlar magazindagiga nisbatan ko‘proq va arzonroq bo‘ladi.
Bozordagi har bir sotuvchini terminal bilan ta’minlashning imkoni yo‘qligi uchun haligacha bozorlarda naqd pulga savdo qilinadi. To‘g‘ri, ayrim maxsus savdo nuqtalarida "plastik"ka savdo qilish mumkin, faqat bu yerda mahsulotlar turi chegaralangan.
Yana bir muammo — terminal orqali kiyim-kechak, maishiy texnika sotib olish imkoniyatining mavjud emasligi. Aniqrog‘i, bularning barchasini sotib olish mumkin, faqat ayrim do‘konlarda 15-45% ustama bilan.
Eng afsuslanarlisi, banklar ham ushbu holatdan foydalanishga urindi. Naqd pul kerak bo‘lsa tadbirkor kerakli summaning 15-30%ini bankka berishi kerak edi. Keyinroq bu illatga barham berildi, biroq endi bank xodimlari haq evaziga tadbirkorlarning pulini yechib beradigan bo‘lishdi.
Xatolar ustida ishlash
O‘zbekistonning yangi prezidenti qarshisida mana shunday muammolar bor edi. Prezident bu muammolarni shundayligicha qoldirish niyatida emasligi uning Moliya vazirligi va Markaziy bankni keskin tanqid qilishida namoyon bo‘ldi.
"Nima sababdan plastik kartochkalarni muomalaga kiritishdan ilgari barcha mexanizmlar puxta ishlab chiqilmagan? Nima uchun ko‘plab tashkilotlar, eng avvalo, budjet tashkilotlar xodimlari — o‘qituvchilar, shifokorlar, xizmatchilar va hatto nafaqaxo‘rlar ayrim amaldorlarning «yangiliklari»dan qiynalishlari kerak?", — dedi u 2017 yil yanvarida bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida.
So‘z bilan cheklanib qolmagan davlat rahbari fevral oyidan boshlab pensiyalarni hamda 58ta tog‘li va olis tumanlarda ish haqi va ijtimoiy nafaqalarni naqd pulda berish to‘g‘risida qaror chiqardi. Talabalar ham stipendiyalarining 50%ini naqd pulda oladigan bo‘lishdi.
Naqd pul bormi?
Banklar davlat rahbarining qarorini bajarishga tayyormi? Ular ancha vaqtdan buyon naqd pulsiz hayot kechirgan milliy iqtisodiyotga kiritiladigan naqd pulni qayerdan olishadi?
Mamlakatdagi yetakchi konsalting kompaniyalaridan birining moliyaviy analitigining so‘zlariga ko‘ra, banklar albatta bu qarorni bajarishadi, lekin bu oson bo‘lmaydi.
"Mirziyoyev aniq muddat qo‘ydi — pensiyalar har oyning 27-sanasidan kechiktirilmay berilishi shart. Fevraldayoq barcha pensionerlar belgilangan sanada naqd pul olishlari qiyin deb o‘ylayman. Hozirda buncha hajmdagi naqd pul muomalada yo‘q, moliya sektori qanday yo‘l tutishi noma’lum", — deydi u.
Ekspertning aytishicha, barcha budjet tashkilotlari xodimlari maoshni naqd pulda olishmaydi. Faqat 58ta tog‘li va olis tumanlarda joylashgan budjet tashkilotlari xodimlarigina oylik ish haqlarini to‘liq naqd pulda oladilar.
Qolganlar uchun esa boshqacha mexanizm ko‘zda tutilgan. Viloyatlarda mavjud to‘lov terminallari infratuzilmasini hisobga olgan holda ish haqini naqd shaklda va plastik kartalarga o‘tkazish yo‘li bilan to‘lash qayta ko‘rib chiqiladi. To‘lov infratuzilmasi ancha tartibli ekanligi sababli poytaxt va boshqa yirik shaharlarda naqd pul borasida sezilarli siljishlar kutilmaydi, deb taxmin qiladi ekspert.
"Naqd pul beruvchi terminallar masalasi ham savol ostida. Shahar va tumanlarda bankomatlarni o‘rnatish muammo emas, lekin ular uchun naqd pul-chi. Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida naqd pul yig‘ib olinishini oshirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar ishlab chiqish orqali moliya sektori mazkur vaziyatdan chiqishi mumkin. Biroq bu ushbu yo‘nalishdagi subyektlar uchun muammolar keltirib chiqarishi mumkin", — deydi suhbatdosh.
Umuman olganda, hammasi 27-fevral kuni ma’lum bo‘ladi. Banklar davlat rahbarining qarorini bajarishga qay darajada tayyor ekanliklarini vaqt ko‘rsatadi.