TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. Markaziy bank bugungi kunda plastik kartadan naqd pul yechib olish muammosini hal qilish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Bu haqda NUZ.UZ muxbiriga Markaziy bank pul muomalasi departamenti xodimi Faxriddin Boboyev ma’lum qildi.
Markaziy bank vakilining aytishicha, hozirda ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan O‘zbekistonga 2 ming dona infokiosk va ming dona bankomat yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Ushbu qurilmalar bank bo‘limlari hamda xodimlari soni 50dan ortiq bo‘lgan kompaniya va korxonalarda o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda.
"Bundan tashqari, naqd pulsiz hisob-kitob tizimini rivojlantirishda ham davom etamiz. Tez orada respublikadagi barcha savdo va xizmat nuqtalari terminallar bilan ta’minlanadi. Ana shunda naqd pul muammosi ham barham topadi ", — dedi Markaziy bank vakili.
Faxriddin Boboyev shuningdek shahar va qishloq joylarda mini-banklar sonini oshirish rejasi ham borligini ma’lum qildi. Ilgari meyorga ko‘ra 5 km radiusda bitta bank, uning bo‘limi yoki mini-bank yetarli deb hisoblangan bo‘lsa, endilikda mazkur masofani 1 kmgacha qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.