TOShKENT, 3 fev — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.
"Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash tizimini tubdan takomillashtirish, pensionerlar, talabalar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini so‘zsiz ta’minlash, ularning O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida xarid qiladigan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘siqlarsiz amalga oshirishi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi rahbarlarining e’tibori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar o‘z vaqtida to‘lanmayotgani, to‘lov terminallari va bank apparatlari tizimi yetarli darajada rivojlanmagan holda to‘lovlar plastik kartochkalarga asossiz ravishda o‘tkazilayotgani to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar kelib tushayotganiga qaratilsin.
barcha turdagi pensiyalar butun mamlakat hududida hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda beriladi;
ilovada keltirilgan tog‘li va olis tumanlardagi budjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi to‘lash, ijtimoiy to‘lovlar hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda amalga oshiriladi;
oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiyalarning kamida 50 foizi naqd shaklda beriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, "O‘zbekiston pochtasi" aksiyadorlik jamiyati pensiyalar mazkur qarorning 2-bandiga muvofiq, qonunchilikda belgilangan muddatda, tegishli oyning 27-sanasidan kechiktirmay to‘lanishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki:
tijorat banklari bilan birgalikda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar hamda ularga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘lashda yo‘l qo‘yilayotgan doimiy suiiste’molliklarni so‘zsiz bartaraf etishga doir choralarni ko‘rsin, to‘lovlarning birinchi talabga binoan xo‘jalik yurituvchi subyektlar hisob raqamlaridan hech qanday moneliksiz berilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda mavjud to‘lov terminallari infratuzilmasini hisobga olgan holda ish haqini naqd shaklda va plastik kartalarga o‘tkazish yo‘li bilan to‘lashni tanqidiy qayta ko‘rib chiqsin va bu borada maqbul nisbatlarni belgilasin. Qabul qilingan chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga axborot berilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda naqd pul mablag‘larining bankdan tashqari aylanmaga chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda uning savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidan tijorat banklari kassalariga o‘z vaqtida qaytarilishini ta’minlashga qaratilgan aniq tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlasin.
7. Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarning o‘z vaqtida va uzluksiz to‘lanishini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari R.S.Azimov va Markaziy bank raisi F.M.Mullajonov zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2017-yil 2-fevral"