TOShKENT, 19 okt — Sputnik. Bugungi kunda Soliq qo‘mitasining "Ishonch telefon"lariga qilinayotgan murojaatlarning aksariyati savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida savdo qoidalarining buzilganligi hamda to‘lovlarni bank plastik kartochkalari orqali amalga oshirishda hisob-kitob "Terminal" apparatlari ishlatilmayotganligi bilan bog‘liq masalalar xususida bo‘lmoqda, deb xabar qilgan "Novosti Uzbekistana" nashri.
2016 yil 1-oktabr holatiga davlat soliq xizmati organlarining "Ishonch telefon"lariga qilingan fuqarolarning murojaatlari asosida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 2 216 ta holatda jami 392606,7 ming so‘m miqdorida nazorat — kassa mashinasiga kirim qilmaslik, 1 293 ta holatda tegishli hujjatlarsiz mahsulotlar sotish va xizmatlar ko‘rsatish hamda 55 ta boshqa soliq qonunlarini buzish holatlari aniqlanib, aybdorlarga nisbatan jazoning muqarrarligi ta’minlandi, deya ma’lum qiladi Soliq qo‘mitasining axborot xizmati.
Qo‘mita fuqarolarning qonuniy huquqlari buzilsa, 244 98-98 raqamli "Ishonch telefoni"ga murojaat qilish mumkinligini eslatib o‘tadi.