TOShKENT, 31 yanv — Sputnik. Sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashidagi siyosiy partiyalarning deputatlik guruhlari vakillari so‘zga chiqib, viloyatda amalga oshirilgan ishlarga ijobiy baho bergan holda, o‘z partiyalarining dasturiy maqsadlaridan kelib chiqqan holda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada jadallashtirish borasidagi takliflarini bildirgan, deb xabar qilmoqda Zarafshon nashri.
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi quyidagi qarorni e’lon qilgan:
Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada jadallashtirish maqsadida viloyat hokimligiga quyidagi takliflar berilsin;
— iqtisodiy soha tashkilotlari xodimlari tomonidan aholi xonadonlarini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan mavjud muammoli masalalarni o‘rganish, tadbirkorlik subyektlarini moliyalashtirishni kengaytirish kabi vazifalar bajarilishini ta’minlash;
— viloyatdagi ishlab chiqaruvchi korxonalarni texnik va texnologik jihatdan uzluksiz yangilab borish, ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish;
— sanoat salohiyatini oshirish, import o‘rnini bosadigan mahsulotni ko‘paytirish va ichki bozorni iste’mol tovarlari bilan to‘ldirishni kengaytirish;
— ishlab chiqaruvchi korxonalarni eksport faoliyatiga jalb etish hamda eksport uchun ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari turlarini kengaytirishga erishish;
— 2017 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash Dasturi bajarilishi ustidan tizimli monitoring olib borish;
— kichik biznes va tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash choralarini belgilash va amalga oshirish, ularga "Yagona darcha" markazlari orqali xizmat ko‘rsatishni ta’minlash;
— kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashda mahalliy hokimliklar mas’uliyatini yanada oshirish. Bu borada iqtisodiy-ijtimoiy organlarning, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi va viloyatdagi tijorat banklarining xodimlarini, hokimliklar birinchi o‘rinbosarlarini jalb etishning prinsipial jihatdan yangi amaliy mexanizmini joriy etishga erishish;
— ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholining hayot darajasi va sifatini yanada oshirish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirish;
— dori-darmonlarning cheklangan narxlar bo‘yicha sotilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
Mazkur qaror bajarilishi ustidan nazorat qilish viloyat hokimining hisobotiga doir masalani sessiyaga kiritishga mas’ul etib belgilangan xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi (Karimov) zimmasiga yuklangan