TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. "Odamlar ishongani, mushkulini oson qilishdan umidvor bo‘lgani uchun davlat organiga, u yerda o‘tirgan davlatning vakiliga, qo‘lidan ish keladigan kishiga murojaat qiladi. Hokimlik bo‘ladimi yoki boshqa davlat tashkilotimi, birinchi rahbardan boshlab eng kichik xodimgacha bu mas’uliyatni his etib, aholi bilan suhbatlashishi, ularning muammolariga yechim topishga intilishi, xalqqa chin yurakdan xizmat qilishi lozim. Aks holda, naqafat o‘z xizmat vazifalarini bajarmagan bo‘ladi, balki xalq oldida hurmatini yo‘qotadi, elning nazaridan qoladi", — deb ta’kidlagan Oqbo‘tayev.
U shuningdek O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun davlat xizmatchilari, mas’ul vazifalarni bajarayotgan shaxslardan aynan shuni talab qilayotganini eslatib o‘tgan, deb yozadi "Zarafshon" nashri.
Xabarda aytilishicha, ayni paytda Nurobod tumani bo‘yicha ro‘yxatga olingan 438 ta tadbirkorlik va kichik biznes subyektining 52 tasi faoliyat ko‘rsatmayapti. 67 ta sanoat korxonalaridan 10 tasi, qurilish korxonalarining 7 tasi ishlamayapti. Yil davomida tuman iqtisodiyotiga xorijiy investitsiya umuman kiritilmagan. Iqtisodiyotdagi ana shunday kamchiliklar sababli o‘tgan yil yakuni bilan tumanning viloyat sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ulushi atigi 1,4 %ni tashkil etgan.
Nurobodda chorvachilik bo‘yicha katta tajriba to‘plangan bo‘lsa-da keyingi yillarda bu salohiyat ham yo‘qolmoqda. Sohada naslchilikni rivojlantirish, teri va junni qayta ishlash, charm mahsulotlari ishlab chiqarishga e’tibor qaratilmayapti.
Tumanda boy mineral xom ashyo bazasi, tabiiy imkoniyatlar mavjudligi sababli boshqa hududlardan ishbilarmonlar kelib tadbirkorlik, fermerlik faoliyatini yo‘lga qo‘yayotgan bir paytda nurobodliklarda tashabbuskorlik sezilmayapti. Hatto tomorqa imkoniyatlaridan ham maqsadli foydalanilmayapti.
"Bunday beparvolik, boqimandalik kayfiyati tumanda ishsizlik, fuqarolarning chet elga chiqib ketishi holatlarining ko‘payishiga olib kelmoqda", — deb ta’kidlangan xabarda.
Oqbo‘tayev tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan dasturning asosiy yo‘nalishlari haqida to‘xtalib, dasturda belgilangan loyihalarni amalga oshirishda tuman faollarini hamjihatlikda ishlashga da’vat etgan.