TOShKENT, 4 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni mansabdorlarga fuqarolarni har kuni qabul qilishni buyurgan edi.
Samarqand viloyat hokimligi rasmiy saytida esa viloyat hokimi Zoyir Mirzayev sayyor qabulni 1-noyabrdan boshlab yuborgani xabar qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, Dehqonobod mahallasida yashovchi Azamat Samiyev Urgut-Qoratepa yo‘nalishidagi davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo‘lining 18 kilometri ta’mirtalab bo‘lib qolgani, oqibatda haydovchilar avtoulovlarini boshqarishda qiynalishayotgani, o‘z o‘rnida bu holat yo‘lovchilar va shu hududda yashovchi aholi uchun ham qator noqulayliklarni keltirayotganini aytib, vaziyatni o‘nglashda ko‘mak so‘ragan. Viloyat hokimi mazkur muammoni o‘rganish va bartaraf etish yuzasidan mutasaddi idoralar vakillariga aniq topshiriq bergan. O‘z o‘rnida soha rahbarlari ushbu yo‘lni 2017-yilda ta’mirlashga kirishishlarini bildirganlar.
"Bizning Beshkon mahallamizda uch mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, ularga maishiy xizmat ko‘rsatish maqsadida o‘n kishilik hammom va sartaroshxona qurishim uchun imtiyozli kredit ajratishda yordam berishingizni so‘rayman. Bunday inshoot qurilishi mahallamiz ahli uchun ajoyib tuhfa bo‘lardi", — deb yordam so‘rab murojaat qilgan tadbirkor Zohida Elmurodova. Ushbu murojaat ham joyida ijobiy hal etilgan. Z.Elmurodovaga bepul loyiha va bankdan 200 million so‘m miqdoridagi 7 %li kredit ajratiladigan bo‘lgan.
Tumanning Quyi Algar mahallasida yashovchi onaxon Muhtaram Ashurova turmush o‘rtog‘i va uch nafar farzandi nogiron ekani, moddiy sharoiti og‘irligini aytib, ko‘mak so‘ragan. Natijada shu kunning o‘zida "Hamkorbank" viloyat filiali jamoasi onaxonga bir bosh ona-bola sigir tuhfa etgan.
"Xalqimizning tabiati shunday: hech kim biror idoraga besabab kelmaydi, majbur bo‘lmasa muammosini oshkor qilmaydi. Kimdir davlat hokimiyati yoki boshqaruvi organiga keldimi, demak, uni qandaydir savol yoxud masala o‘ylantirayotgan bo‘ladi. Shuni hisobga olib, har bir rahbar odamlarni tinglay bilishi, ularning ko‘ngliga quloq tutishi shart. Bu uning asosiy vazifasi, burchi hisoblanadi", — dedi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev.
Xabarda aytilishicha, sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy hayotning turli jabhalariga oid o‘ttizga yaqin muammoli masalalar tinglangan. Ularning 12 tasi shu yerning o‘zida hal etilgan. 5 ta masala bo‘yicha tegishli idoralar rahbarlariga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olingan. Shuningdek, ayrim savollar bo‘yicha zarur tushuncha va tavsiyalar berilgan.