TOShKENT, 27 noya — Sputnik. Ushbu yil noyabr oxirida O‘zbekistonga to‘satdan kelgan qattiq sovuq ko‘pchilikni shoshirib qo‘ydi, deb yozadi Zarafshon nashri muxbiri Anvar Mustafoqulov.
Ayniqsa Samarqand shahrida ko‘p qavatli uylarda yashayotgan oilalarga qiyin bo‘ldi. 24-noyabrga o‘tar kechasi Samarqand shahridagi ko‘pqavatli uylarga yuborilgan issiqlik ham afsuski, kutilgan natijani bermadi, chunki undan oldin hech kim trubalarni tekshirib, yoriqlarini yamamagani tufayli, qancha energiya sarflab isitilgan suv ko‘cha va podvallarni ko‘lga aylantirdi.
Shaharning aholi zich yashaydigan bir necha mahallalarida bo‘lgan Zarafshon muxbirlari ko‘plab muammolar guvohi bo‘lishdi. Masalan, Abu Bakr Roziy ko‘chasidagi 54 sonli ko‘p qavatli uy istish quvurlari nosozligi tufayli, tunda yuborilgan qaynoq suv uy yerto‘lasini to‘ldirgan va kommunal xizmat xodimlari ushbu suvni maxsus motor yordamida tashqariga so‘rib chiqarayotganining guvohi bo‘lishgan.
"Marhabo" uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli 66-uy yerto‘lasida issiq suv "sharillab" oqib yotibdi. Ushbu va shunga o‘xshash boshqa nosozliklar tufayli hududdagi barcha ko‘pqavatli uylarga issiqlik ta’minoti to‘xtatildi.
— Har yili 5-noyabrda "Issiqlik manbai" korxonasi tomonidan sinash uchun quvurlardan issiq suv yuborilardi. Biz esa nosozliklarni aniqlab olib, kamchiliklarni bartaraf etardik. Ammo joriy yilda ana shu ishlar amalga oshirilmadi. Qattiq sovuq boshlangach, kutilmaganda issiq suv keldi. Biz esa hech narsaga ulgurolmadik, — deydi shirkatlardan birining raisi Abdumo‘min Alimov.
Ochig‘ini aytganda, bir qator shirkatlarda shu kabi vajlarni keltirishdi. "Issiqlik manbai" davlat unitar korxonasi mas’ullari esa aksincha, avgust oyidayoq sinov ishlari bajarilganini ma’lum qilishdi. Ikki tomonning gaplari ikki xil. O‘rtada aholi sovuqdan qiynalyapti.
Aslida muammoning ildizi yana ham chuqurroqqa o‘xshaydi. Bilamizki, har yili 15-noyabrgacha aholini issiqlik bilan ta’minlash bo‘yicha shahar hokimining farmoyishi chiqadi. Bu yil esa "Issiqlik manbai" davlat unitar korxonasi mutasaddilari ma’lum qilishicha, farmoyish hali ham e’lon qilingani yo‘q ekan. Modomiki shunday ekan, sohada qishki mavsumga tayyorgarlikning qay darajada bo‘lganini anglash qiyin emas.
— Bu sohaning ancha og‘ir ahvolga kelib qolganini yashirmaymiz, — deydi "Issiqlik manbai" davlat unitar korxonasi rahbari Yoqub Qurbonov. — 18 milliard so‘mlik debitor qarzdorlik, yangilanishi lozim bo‘lgan qancha uskunalar va boshqa ko‘plab muammolar borligiga qaramay, korxona faoliyatini saqlab qolish va kengaytirish harakatidamiz. Korxonamiz tomonidan shahardagi 776 ta ko‘pqavatli uyga issiqlik yetkazilishi kerak. Amalda esa 176 ta ko‘pqavatli uyga issiqlik uzatapmiz. O‘zimizga bog‘liq bo‘lmagan bir qator omillar ana shu uylarga ham to‘liq issiqlik berishga to‘sqinlik qilyapti.
Darhaqiqat, shaharning ko‘p qismi bugungi kunda issiqlik ta’minotidan mahrum. Misol uchun, tarmoqdagi quvurlarda uchrayotgan muttasil nosozlik, elektr ta’minotidagi uzilishlar oqibatida shaharning Temiryo‘l vokzali atrofidagi ko‘pqavatli uylarga issiqlik berilmaydi. Farhod shaharchasi esa allaqachon "Issiqlik manbai" balansidan chiqib ketgan. Kimogarlar shaharchasida bo‘lib, aholi bilan suhbatlashganimizda, bu yerdagilar issiqlik nima ekanini esdan chiqarib yuborishganiga guvoh bo‘ldik.
Darvoqe, bundan bir oycha oldin Samarqand shahar hokimligi mutasaddi xodimlari bilan suhbatlashganimizda shaharning to‘rtta hududi, jumladan, Kimogarlar shaharchasidagi bir qancha uylar uchun lokal qozonxonalar qurilayotgani, 15-noyabrgacha ular ishga tushishi rejalashtirilgani ma’lum qilingan edi. Afsuski, Kimogarlar shaharchasida lokal qozonxona faoliyat yuritayotgani u yoqda tursin, hali qurilish ishlari ham boshlanmagan ekan. Bir oy oldingi xushxabardan boshi ko‘kka yetgan aholiga kim, qanday izoh bergani bizga qorong‘u.
Umuman, bu hududda so‘nggi marta 2007-yilda issiqlik bo‘lgan. 2013-yilda ayrim ko‘pqavatli uylarga berilgan issiqlik gaz bosimi pastligi sababli yana to‘xtab qolgan-u shu bilan bugungi kungacha issiqlik masalasi hech kimning xayoliga kelmagan.
Shu o‘rinda viloyat hokimining joriy yil 20-oktabrdagi farmoyishiga e’tibor bering. Mazkur hujjatda "Ijtimoiy soha obyektlariga va aholi yashash uy-joylariga, shuningdek, "Issiqlik manbai" davlat unitar korxonasi tizimidagi isitish qozonxonalariga yetarli bosimda tabiiy gaz, elektr energiyasi quvvati va suv bilan ta’minlash vazifalari yuklatilsin", deya aniq ko‘rsatilgan. Ammo farmoyishning xuddi shu bandi bajarilmasligi bor-yo‘g‘i 176 ta ko‘pqavatli uyga ham issiqlik yetkazishda qo‘shimcha muammolarni yuzaga keltirapti. Shuni hisobga olsak, ayni vaqtda, haqiqatda nechta uyda issiqlik bor, hech kim bilmaydi.
— Qozonxonamiz Sartepa maskanidagi 90 ta ko‘pqavatli uy, turizm kolleji hamda Samarqand avtomobil zavodiga issiqlik yetkazib beradi, — deydi "Issiqlik manbai" davlat unitar korxonasiga qarashli "Avtovaz" qozonxonasi rahbari Rajab Hasanov. — Havo haroratining keskin pasayib ketishi ortidan issiqlik yetkaza boshlagan kunimizdan elektr energiyasida muttasil uzilishlar boshlandi. 24-noyabrga o‘tar kechasi elektr energiyasi kechasi soat 24:00 da o‘chib, ertalab 06:05 da yondi. Lekin bu vaqtda barcha quvurlarimizdagi suv muzlab, butun tizim ishdan chiqib bo‘lgan edi. Bu ahvolda aholiga ham, ijtimoiy soha obyektlariga ham issiqlik yetkazishning mutlaqo iloji yo‘q!
Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Xabaringiz bor, bu yil viloyatimizda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bahordan boshlangan edi. Viloyat miqyosidagi yig‘ilishlarda deyarli yil davomida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik tilga olindi. Tayyorgarlik ishlarini 1-sentabrga qadar tugallash qayta-qayta uqtirildi. Ammo biz juda ko‘plab uylar yerto‘lasida, "Issiqlik manbai" davlat unitar korxonasiga qarashli yer osti va havo orqali o‘tgan quvurlarda nosozliklarga guvoh bo‘ldik. Hatto termoizolyatsiya qilinmagan quvurlar ham oz emasligini ko‘rdik.
Issiqlik ta’minotidagi bu kabi muammolar esa boshqa kommunal xizmatlarga ham ta’sirini bir haftalik past harorat davomida ko‘rsatib bo‘ldi. Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidagi 26 va 30-ko‘pqavatli uylarda bir hafta oldin zo‘riqish tufayli yer osti elektr uzatish kabeli ishdan chiqqan, shuncha kundan buyon aholi elektr energiyasidan ham mahrum. Aholi shahar elektr tarmoqlari korxonasiga ham, viloyat elektr tarmoqlariga ham murojaat qildi. Xuddi shunday holat shu ko‘chadagi 62, 64, 66, 68 va 70 uylarda Ali Qushchi ko‘chasidagi 4-uyda ham mavjud. Sovuq tushib, elektr energiyasiga ehtiyoj ortgach, tarmoqda uzilish yuzaga keldi. Bir hafta davomida har qanday murojaatning foydasi bo‘lmayapti.
Ochig‘ini aytganda, issiqlik bo‘lmas ekan, bu kabi muammolarga istagan hududda duch kelaverasiz. Bir narsani tushunib olaylik, elektr energiyasi yorug‘lik uchun, tabiiy gaz ovqat pishirish uchun va issiqlik o‘z nomi bilan — uyni isitish uchun! Toki buni anglab, hammasidan o‘z o‘rnida foydalanmas ekanmiz hali ko‘p muammolarni yengishga to‘g‘ri keladi.