TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. AQSh yangi prezidenti Donald Trampning birinchi katta matbuot anjumanini bo‘lib o‘tdi. Unda Tramp vijdonsiz jurnalistlar va OAVlar haqida, Rossiyalik xakerlar hujumi, Putin bilan munosabatlar hamda Amerikani kim boshqarishini aytib o‘tdi.
Nopok jurnalistlarga javob
Anjumanida Tramp to‘plangan jurnalistlar va New York Times kabi nashr vakillariga paydo bo‘lgan yolg‘ondakam xabarlarni tarqatmaganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Shu bilan bir vaqtda Buzfeed va CNN kabi boshqa OAVlar vakillarini yolg‘on va tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatgani tufayli ularni “yolg‘on ma’lumotlar axlatxonasi” deb atadi va yaqin orada o‘z qilmishlari uchun moliyaviy zarar ko‘rishi muqarrar ekanliklarini aytdi. Tramp anjuman davomida ushbu OAV vakillariga savol berishga ruxsat bermadi.
Dastlabki savollar Rossiyaning “shaxsan Putin topshirig‘iga ko‘ra” AQSh prezident saylovlariga aralashgani va Putinning Tramp nomzodiga xayrixoxligi haqida bo‘ldi.
“AQSh Razvedka xizmatidan ushbu maxfiy ma’lumotlar OAV sahifalariga tushib qolishining o‘zi katta sharmandalik. Tekshirib ko‘rilganda esa bular g‘irt yolg‘on bo‘lib chiqdi. Ularni bari — bizning raqiblar, bir guruh kasal odamlar tomonidan o‘ylab topilgan uydirma”, — deb javob berdi Tramp.
Tramp, vijdonsiz va nopok jurnalistlar tarqatgan yolg‘on xabarlar odamni “sindirib” qo‘yishi mumkinligini va u bir necha bor shunday voqealar guvohi bo‘lganini aytib o‘tdi.
“Lekin mening bunday jurnalistlarga qarshi qurolim bor, u — mana shu minbar. Ular tarqatgan har qanday yolg‘on men darhol puchga chiqaraman va ularning o‘zlarini javob berishga majbur qilaman”, — dedi Tramp.
Putin xayrixoxligi haqida
Putinning xayrixoxligi borasida Tramp – axir bu juda yaxshiku, demak men AQSh va Rossiya munosabatlarini ishonch va hamkorlik darajasiga ko‘tara olaman, birgalikda terrorchilikka qarshi kurashamiz, dedi.
Shu bilan birga u, kerak bo‘lganda, Rossiyaga nisbatan Xillari Klintondan ham qattiqqo‘l bo‘lshi mumkinligini aytdi.
Rossiya tomonidan uyushtirilgan kiberhujumlar haqida, Tramp ular unchalik vahimali hujum bo‘lmaganini aytdi.
“Kiberhujum masalasiga kelsak, men rostdan ham bunga Rossiyaning aloqasi bor deb hisoblayman. Lekin bizning mamlakatga bundan boshqa ham ko‘plab hujumlar bo‘lgan. Xitoy tomonidan 22 million kishining ma’lumotlari o‘g‘irlanishi oldida bu kiberhujum — o‘yinchoq”, — dedi Tramp.
Shuningdek, Tramp ushbu hujumlarning foydali tomoni bo‘lganini ham aytib o‘tdi. Masalan, uning raqibi Xillari Klinton teledebatlar oldidan barcha savollardan xabardor bo‘lganligi ham hammaga ma’lum bo‘lgan.
Yangi prezident kabineti haqida
Tramp davlatning rasmiy va o‘ta muhim lavozimlariga, sobiq Ekson Mobil bosh direktori Reks Tillerson kabi, ishbilarmonlarni tayinlaganiga ham izoh berdi.
“Ularning bari muvaffaqiyatli biznesmenlar, chunki ularning o‘zi o‘ta aqlli. Men zamonimizning eng aqlli kishilarni o‘z jamoamga to‘playapman” – dedi Tramp.
Amerika iqtisodini o‘sishini ta’minlash haqida
Bu borada Tramp amerika hududida joylashgan zavodlarni yopib boshqa mamlakatga ko‘chirishdan voz kechgan, va amerikada yangi zavodlar qurishga qaror qilgan va shu bilan ko‘plab ish o‘rinlari yaratgan Kraysler-Fiat konsernlariga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, Jeneral Motors ham o‘lardan o‘rnak olishiga umid bildirdi.
Amerikada zavodlarini Meksikaga ko‘chirayotgan korxonalarni esa, Tramp jiddiy ravishda ogohlantirdi.
“Men bunday mahsulotlar uchun ulkan boj soliqlari kiritaman. Ular amerikaliklarni ishidan mahrum qilgani uchun javob berishadi”, — dedi Tramp.
Shundan keyin Tramp saylov kampaniyasi vaqtida va’da bergan AQSh va Meksika chegarasida devor ham albatta qo‘rilishini esga oldi.
“Devor qurilishi prezident bo‘lgan zamonim — darhol boshlanadi va oldin aytganimdek, uning xarajatlarini Meksika qoplaydi. Bevosita va darhol ravishda bo‘lmasada, keyinchalik ushbu xarajatlarni biror yo‘l bilan baribir Meksikadan undirib olamiz”, — dedi Tramp.
Shaxsiy biznesi haqida
Jurnalistlar tomonidan ko‘tarilgan yana bir muhim masala bu Trampning shaxsiy biznesi bo‘ldi. Bu borada Trampning yordamchisi aniq va batafsil hisobot o‘qib berdi.
Prezidentilik lavozimi talab qiladigan javobgarlik va biznes manfaatlarining bir-biriga zid kelishi mumkinligi tufayli, Tramp prezidentlik davrida barcha biznes faoliyatidan voz kechishini, tadbirkorlikka oid birorta ham shartnoma imzolamasligini aniq va ravshan tushuntirib berdi.
Misol tariqasida, Tramp yaqinda BAAlik biznesmendan qiymati 2 mlrd bo‘lgan shartnoma imzolash taklifi olganini, lekin yangi prezident lavozimi tufayli undan voz kechganini aytib o‘tdi.
Tramp unga tegishli bo‘lgan barcha korxonalarini ikki guruhga to‘plab ikkala o‘g‘li boshqaruviga topshirishini va faqat 8-yil o‘tib, prezidentlik vakolati tugaganidan keyin kompaniyaga qaytib ularning ishiga baho berishini aytdi.
“O-sizlar yaxshi muvaffaqiyatli ishlabsizlar, yashavoringlar! – deyman, yoki “kompaniyani bankrot qilibsanlarku, ikkalang ham ishdan haydalding! deyman”, — deb so‘zini yakunladi amerika prezidenti Donald Tramp.
So‘zining oxirida Tramp, u prezident bo‘lganidan keyin Xitoy, Rossiya, Shimoliy Koreya va Yaponiya AQShni boshqa prezidentlar davrida bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq hurmat qilishini va’da berdi.