TOShKENT, 28 dek — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Qo‘riqlash birlashmasi maktablar xavfsizligini qay tariqa amalga oshiradi? O‘zbekistondagi maktablarning hammasi ham "tashvish" tugmasi bilan ta’minlana oladimi? Xavfsizlik xizmati bahosi qancha? Sputnik O‘zbekiston shu va boshqa savollarga aniqlik kiritishga harakat qildi.
Xavfsizlik
Har bir maktab — ushbu muassasa joylashgan hududning faxri. Agar u kuchli bilim bersa, chiroyli va zamonaviy jihozlar bilan jihozlangan bo‘lsa — nur a’lo nur. Ammo mana shunday maktabga ham nazorat talab etiladi, ya’ni uni qo‘riqlash zarur.
Maktab nega qo‘riqlanishi kerak, degan savolga javoblar ko‘plab topiladi.
Birinchidan: maktablarda kirib-chiqishni nazorat qilish va maktab hududiga begona shaxslarni kiritmaslik uchun.
Ikkinchidan: maktabdagi moddiy tovar boyliklarining ishonchli qo‘rig‘ini ta’minlash uchun
Uchinchidan: maktab xududida jamoat tartibini saqlash va turli bezoriliklarning oldini olish uchun…
Tasavvur qiling, maktab rahbariyatning, qolaversa, ota-onalar ko‘nglining hotirjam bo‘lishi birgina "tashvish" tugmasi o‘rnatilishiga bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Qo‘riqlash birlashmasi o‘quv muassasalari, bog‘chalar, kasalxonalar xavfsizligini ta’minlashi mumkin va Birlashma bu sohada eng ilg‘or zamonaviy qo‘riqlash texnika va texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Statistika
"O‘zbekistondagi barcha maktablar, litseylar va kollejlar 2017-yilda "tashvish" tugmalari bilan ta’minlanadi" deb ta’kidladi Respublika IIV huzuridagi Qo‘riqlash Bosh Birlashmasi rahbari Tohiriddin Najimov yaqinda O‘zbekiston Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot-anjumanida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada 7 mingdan ortiq maktablarda videokuzatuvlar o‘rnatilgan. 2016-yilning 9 oyi holatiga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich kasb-hunar kollejlarida 67%ni, litseylarda 83%ni, oliy o‘quv yurtlarida esa 100%ni tashkil qilgan.
Najimovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent shahridagi 532 maktabdan 489tasida "tashvish" tugmalari o‘rnatilgan. 2017-yilda ushbu xizmat turi respublikaning barcha maktablarini qamrab olish rejalashtirilgan.
Ammo raqamlar hamisha ham amalga oshirilgan ishlar bilan mos tushmasligi rost. Nega deysizmi? Bu savolga quyida javob topasiz.
"Tashvish" tugmasi nega barcha maktablarga o‘rnatilmaydi?
Kinolarda ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, bankka bosqinchilar (o‘g‘rilar) tomonidan hujum uyushtirilsa, bank xodimi sekingina yashirin joyda joylashgan kichkina tugmachani bosib qo‘yadi va ko‘p vaqt o‘tmay hodisa joyiga politsiyachilar yetib kelishadi.
Respublika Qo‘riqlash Birlashmasidagi manbaning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda mavjud texnologiyalar bo‘yicha maktablar faqat statsionar telefoni bo‘yicha qo‘riqlash xizmatidan foydalana oladi.
Respublikada shu kechayu-kunduzda joriy etilayotgn qo‘riqlash texnologiyalari simsiz aloqa orqali qo‘riqlash imkonini beradi. Shu bilan birga, afsuski, O‘zbekistondagi maktablarni 100% "tashvish" tugmasi bilan qamrab olishning ham hozircha iloji yo‘q.
"Buning sababi statsionar telefoni yo‘q maktablarning mavjudligida. Bundan tashqari qo‘riqlash punktlarimiz 3-5 daqiqada yetib bora olmaydigan hududda joylashgan maktablar ham borligini inobatga olish kerak", — deydi suhbatdosh.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘riqlash boshqarmasiga chekka hududlarda joylashgan maktablardan "tashvish" signallari havo orqali yuborilgan taqdirda ham, maktabga yetib borish uchun 1-2 soat vaqt talab etiladi. Mana shunday maktablar "tashvish" tugmasi bilan ta’minlana olmaydi.
"Majburiyatni olgandan keyin javob bera olmaydigan bo‘lsak, qo‘riqlash guruhi bir soatdan keyin yetib boradigan bo‘lsa, bunday holatda xavfsizlikni to‘liq ta’minlab berolmaymiz, demak tugmaning bunda keragi yo‘q", — deb ta’kidlaydi suhbatdosh.
Xavfsizlik choralari qay tarzda amalga oshiriladi?
Qo‘riqlash xizmati qay tarzda yo‘lga qo‘yiladi?
Bunda qo‘riqlash birlashmasi bo‘linmalari u yoki bu maktabga o‘z xizmatini taklif qiladi va maktab bu taklifni qabul qiladi; yoxud maktabning o‘zi qo‘riqlash xizmatiga xat bilan murojaat qiladi.
Aytish joizki, 2016-yil holatiga ko‘ra, "tashvish" tugmasining bir soatlik narxi 1207 so‘mni tashkil qiladi.
Biron hodisa ro‘y beradigan bo‘lsa, tugma bosilishi bilan 3-5 daqiqa ichida qo‘riqlash xodimlari o‘sha hududga yetib borishadi.
Qo‘riqlash turlari haqida: xohlang militsiya, xohlang pult!
Qo‘riqlash turlari har xil bo‘ladi: militsiya qo‘rig‘i (xizmat narxi jihatdan eng qimmat); qorovul qo‘rig‘i bor (maktablar uchun o‘tgan yilda tariflar 15%ga arzonlashtirilgan); texnik qo‘riqlash (bino pultga ulab qo‘riqlanadi, bunday qo‘riqlash turi asosan pul saqlanadigan joylar, deylik, kassalarda keng qo‘llaniladi).
O‘zbekiston Respublikasi Qo‘riqlash Boshqarmasi xodimi so‘zlariga ko‘ra, shu kunda maktablarda texnik qo‘riqlash ko‘proq foydalanilmoqda(!). Qorovul qo‘rig‘idan ham foydalanyotgan maktablar mavjud, militsiya qo‘rig‘idan esa(narxi tufayli) juda kam foydalanishadi.
Boshqa davlatlarda qanday?
Maktablar xavfsizligini ta’minlash — faqatgina O‘zbekistonga taalluqli masala emas. Misol uchun, Isroilda bu o‘ta dolzarb masala hisoblanadi. Nega deganda, davlat armiyasi terrorchilardan barcha fuqarolik obyektlarini himoya qilishga qodir bo‘lmagani tufayli, o‘quvchilarning ota-onalari ushbu tashabbusni o‘z zimmasiga olishgan.
Isroil OAVlari bu turdagi yangi "jangovor tarkib"ni hazil tariqasida "ota-onalar kommandosi" deya nomlashga ham ulgurishdi.
AQShda esa maktab politsiyachilari instituti mavjud.
Buyuk Britaniya Ta’lim vazirligi maktab xavfsizligi tizimiga o‘qituvchilarni jalb qilgan. Ya’ni, britaniyalik murabbiylar o‘quvchi qo‘ynida shubhali predmet borligini sezib qolsa, uni ko‘rikdan o‘tkazish huquqiga ega.
Germaniyada esa ayni vaqtda "maktab sheriflari" instituti"ni tashkil qilish ustida ish olib borilmoqda.
Faqat, shu yerda bir holatni ta’qidlab o‘tish joiz, dunyodagi aksariyat davlatlar maktablarida ro‘y berayotgan hodisalardan farqli o‘laroq, shukrki, O‘zbekiston maktablarida favqulodda holatlar yo‘q.
So‘ng so‘z o‘rnida
Aytish joizki, maktablar xavfsizligini ta’minlash Respublika Qo‘riqlash Birlashmasi vakolatiga kirmaydi. Birlashma o‘quvchilarning xavfsizligini o‘ylagan holda o‘z xizmatlarini taklif qiladi va tashviqot o‘tkazadi. Maktab xavfsizligini ta’minlash esa o‘quv muassasi rahbarlari o‘ylab ko‘rishi kerak bo‘lgan masaladir.
IIV huzuridagi Qo‘riqlash birlashmasi respublikadagi har bir maktab xavfsizligini ta’minlash uchun texnik imkoniyatlarga ega bo‘lgani bilan bu holat maktablarning moliyaviy imkoniyatlari bilan mos tushmasa…
Ushbu vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun nima qilmoq kerak?..
Afsuski, hozircha bu savolga javob yo‘q. Demak, masala ochiqligicha qoladi…