TOShKENT, 20 dek — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Sputnik O‘zbekiston muxbiri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani 23-o‘rta ta’lim maktabida issiqlik ta’minoti masalasi o‘ta chatoq. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari sinfxonalarning sovuqligi tufayli maktabga bormay qo‘ygan.
Maktabdagi ahvol yuzasidan izoh olish maqsadida maktabdagi issiqlik ta’minoti uchun mas’ul mutasaddi rahbarlarni izlashga kirishdik.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi matbuot-xizmati vakiliga ushbu savol bilan murojaat qilganimizda, u bu masala bo‘yicha mahalliy hokimiyatga murojaat etishimizni tavsiya qildi. "Maktablarning qishki mavsumga tayyorgarlik jarayonini hokimiyat nazorat qiladi", — deya qo‘shimcha qildi u.
Shundan so‘ng, Samarqand viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi va undan so‘ng Bulung‘ur tumani Xalq ta’limi bo‘limi mudiri bilan bog‘landik.
Sputnik O‘zbekiston nashrining ushbu murojaatidan keyin Bulung‘ur tumani Xalq ta’limi bo‘limi mudiri 23-maktabda bo‘lib, sinfxonalarda issiqlik ta’minoti qay darajada ekanini shaxsan ko‘zdan kechirgan.
"Sinfxonalar issiqligi normal holatda. Parovoy ishlayapti. Sinfxonalarga kechgacha alohida pechka qo‘shishga topshiriq berdim. Qo‘shimcha choralar ko‘riladi", — deya ta’kidladi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga Bulung‘ur tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri.
Eslatib o‘tmoqchimiz, 15-dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kollej o‘quvchilarining davomati nazoratsiz qolayotganini, mutasaddilar bu masalaga alohida e’tibor qaratishlari zarurligini ta’kidlab o‘tgan edilar. Fikrimizcha, nafaqat kollej o‘quvchilari, balki maktab o‘quvchilari davomati ham qattiq nazoratga olinishi kerak.
Qolaversa, o‘qish samaradorligi ko‘p jihatdan ta’lim muassasalarining issiqlik bilan qay darajada ta’minlanganiga bog‘liqligini unutmaslik muhim.
Maktablardagi qish mavsumiga tayyorgarlik holati darajasi mutasaddi rahbarlar tomonidan kelib tushgan shikoyatlardan keyin emas, balki muntazam tekshirib borilishi tarafdorimiz.
Zero, qishning ayozli kunlarida sinf xonalarda mo‘’tadil haroratni yaratish bilan birga darslarning to‘liq o‘tilishiga erishish, va eng muhimi, bolalarning sog‘lig‘ini asrash Siz rahbarlarning, asosiy vazifangizdir.