TOShKENT, 16 dek — Sputnik. 15 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Hukumat portalida Vazirlar Mahkamasining shaxsiy tarkibi keltirildi.
Shuningdek, Iqtisodiyot vaziri birinchi o‘rinbosari vazifasidan Moliya vazirligiga o‘tkazilgan Botir Xodjayev o‘rniga ham yangi rahbar tayinlangan. Kun.uz nashriga ko‘ra, Bekenov Sunatulla Husanovich O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Galina Karimovnaning Makroiqtisodiy parametrlar, moliya-valyuta balansi va Respublika investitsiya dasturlari masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari hisoblanadi.
Sunnatulla Bekenov 1971-yilda Qozog‘istonning Chimkent shahrida tug‘ilgan. U 2005-yilgacha "O‘zbekiston Qimmatli qog‘ozlar depozitariysi" davlat korxonasi bosh direktori sifatida ishlagan. 2005-2007 yillarda O‘zbekiston Moliya vaziri o‘rinbosari, Vazirlar Mahkamasining axborot-tahliliy departamenti boshlig‘i, 2008-2009 yillarda Vazirlar Mahkamasi ijro apparati rahbari, 2009-2010 yillarda Iqtisodiyot vaziri sifatida faoliyat yuritgan.
2010-2015 yillarda Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi sifatida ishlagan. 2015-yildan shu kungacha Tashkiliy-kadrlar masalasi bo‘yicha Prezident davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi.
Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 15-dekabrdagi farmoniga binoan Sirdaryo viloyatiga yangi hokim tayinlangan.
Shavkat Mirziyoyevning 14-dekabrdagi Farmoniga muvofiq Bosh vazirning sobiq o‘rinbosari Zokirov Botir Erkinovich O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi lavozimiga tasdiqlangan. Shu munosabat bilan Botir Zokirov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi — Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi rahbari lavozimidan ozod etilgan.
O‘zbekiston prezidentining 14-dekabrdagi farmoniga muvofiq Sharopov Anvar Qurbonovich O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga tasdiqlandi. Shu munosabat bilan u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi o‘rinbosari — Tashkiliy-kadrlar xizmati rahbari lavozimidan ozod etilgan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 6-dekabrida O‘zbekistonda "O‘zbekturizm" kompaniyasi tugatilib, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etilishi ma’lum qilingan edi.
2008-2016 yillarda Navoiy viloyati hokimi vazifasida faoliyat yuritgan Erkinjon Turdimov Oqbo‘tayevich Surxondaryo viloyatiga hokim etib tayinlangan. 2015-yilda Surxondaryo viloyati hokimi etib tayinlangan Tojimurod Normurodovich Mamaraimov viloyatning Qiziriq tumani rahbarligiga o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24-sentabr kuni Surxondaryo viloyatida besh tuman hokimi ishdan bo‘shatilgan edi.
Shuningdek, bugun Buxoro viloyati hokimi ham o‘zgargani ma’lum bo‘ldi. Kun uz nashri xabariga ko‘ra, 16-dekabr kuni Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Muhiddin Turdiyevich Esonov Buxoro viloyati hokimi lavozimidan ozod etilgan va uning o‘rniga O‘ktam Barnoyev viloyatning yangi hokimi etib tayinlangan. Eslatib o‘tamiz, asli buxorolik bo‘lgan O‘ktam Barnoyev Isoyevich 2008 yilning aprelidan 2010-yilning dekabrigacha Samarqand viloyati hokimi lavozimida faoliyati yuritgan. Undan oldin, 2008-yilgacha Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.